Toshkentda kuchli dovul kuzatildi
17 may kuni soat taxminan 18:55 lardan boshlab, Toshkent shahrida kuchli bo‘ron kuzatilib, quyuq chang ko‘tarildi.

Foto: Telegram / Uzbmeteo
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kuchli shamol munosabati bilan xavfsizlik choralarini eslatdi:
- eshik-derazalar, chordoq va havo aylanish tizimlarini mahkam berkitish;
- ko‘chalarda daraxt va elektr ustunlari tagida turmaslik;
- ko‘p qavatli binolar balkonlarida, deraza tokchalari hamda tashqaridagi buyumlarni imkon qadar xavfsiz joylarga olib qo‘yish yoki mustahkamligini tekshirish;
- shamol kuchayganda, mustahkam qurilgan binolar, yer osti o‘tish yo‘llari va boshqa yashirinish mumkin bo‘lgan joylarda muhofazalanish tavsiya etiladi;
- buzilgan binolarga kirish, xavfli ustunlar, reklama ustunlari va daraxtlar ortiga yashirinish taqiqlanadi;
Avtomobillarni daraxtlar va yengil konstruksiyali qurilmalar ostida qoldirmaslik zarur.
Toshkent shahar hokimligi aholini favqulodda holatlarda quyidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirdi: 1050, 1055, (71) 212-69-80, (71) 212-69-82.
Hokimlik ko‘tarilgan chang sababli aholiga, ayniqsa allergiyasi yoki changga sezuvchanligi yuqori odamlarga ko‘chada yurishni cheklashni tavsiya qildi.
Poytaxt ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, sinish xavfi yuqori bo‘lgan daraxtlar yoki singan daraxtlarni ko‘rgan fuqarolar, bu haqda Ekologiya vazirligining (71) 207-11-07, (71) 207-11-08, 1157 va 1207 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘raladi.
Energetika vazirligi qattiq shamol va jazirama issiqda aholi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha amaliy tavsiyalarni taqdim etdi:
- Yerga tushgan elektr simlariga yaqinlashmang. Uzilgan simlarni ko‘rganingizda, darhol 1154 raqami orqali mutasaddilarga xabar bering.
- Ishlatilmayotgan elektr jihozlarini tarmoqdan uzib qo‘ying.
- Tabiiy texnogen holatlarda vaqtinchalik elektr uskunalaridan (televizor, elektr choynak, fen, konditsioner kabi) foydalanmang.
- Elektr qurilmalari ustiga suv yoki nam buyum qo‘ymang. Harorat yuqori bo‘lganda qurilmalar qizib ketishi mumkin.
- Elektr ustunlari yoki simlar yaqinida olov yoqmang.
- Tez alanga oluvchi narsalarni elektr qurilmalari yaqinida saqlamang.
- Uydagi elektr shitini tekshirib turing. Eski simlar yoki o‘chirgichlarni almashtirish lozim.
- Bolalarni elektr qurilmalariga yaqinlashmaslikka o‘rgating. Podstansiya, transformator punktlari, elektr uzatish tarmoqlari ostida va yaqinida o‘ynash hamda xonadondagi rozetka va avtomat qurilmalariga qo‘l yoki biror jism bilan teginish mumkin emas. Bolalarga elektr qurilmalaridan e’tiborsiz foydalanishning ayanchli oqibatlarini tushuntiring va nazorat qiling.
“Elektr ta’minotidagi qisqa muddatli o‘chish holatlari xavfsizlik uchun qilinadi. Noqulay ob-havo sharoitlari va texnogen vaziyatlarda yuqori ko‘lamli avariyaviy hamda yong‘in chiqish holatlarini, elektr qurilmalari sozligini ta’minlash maqsadida avtomatik ravishda yoki qo‘lda o‘chiriladi. Bu noxushlik emas, balki ehtiyot va xavfsizlik chorasidir”, – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.
Ko‘tarilgan chang-to‘zon oqibatida Toshkentda havo sifati yomonlashib, IQAir reytingida havosi eng iflos top-uch shaharlar ro‘yxatiga kirdi.
Mavzuga oid

23:55 / 17.05.2025
Toshkentda bir qator ko‘chalar vaqtincha yopiladi

22:36 / 14.05.2025
Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytiriladi

16:42 / 14.05.2025
Toshkentdagi omborxonada yuz bergan katta yong‘in o‘chirildi

21:59 / 13.05.2025