Tojikistondan kontrabanda qilingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Xizmatning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Videodan kadr
Unda, Tojikiston fuqarosi “o‘zbek-tojik” davlat chegarasini qonunga xilof ravishda buzib o‘tgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Unga tegishli sumka ko‘zdan kechirilganda, 15 dona o‘ramdagi jami 14 kg 584 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shundan so‘ng, ushbu ajal og‘usini buyurtma qilgan shaxsni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirildi. Natijada, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi shaxs Bekobod tumanida narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa, Xizmatning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi shaxs qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 9 kg 467 gr “opiy” moddasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, tojikistonlik narkokurer tomonidan Surxondaryo viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan yetkazib berilgan mazkur ajal og‘usini Denov tumanida yashovchi fuqaro qabul qilib olib, Toshkent viloyatiga olib kelganligi aniqlandi va u ham protsessual tartibda ushlandi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda, “Farg‘ona-Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada unda yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan - Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro o‘zining bel qismiga 1 kg 759 gr “gashish” moddasini yashirib olganligi aniqlandi.
Farg‘ona shahrida kuzatilgan holatda esa, “Farg‘ona-Toshloq” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan shaxs boshqaruvidagi “Zaporojyets” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 995 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ashyoviy dalil sifatida olingan jami 26 kg 805 gr giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid

19:10 / 17.05.2025
Istanbul aeroportida tanasiga oltin yashirgan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi

19:09 / 14.05.2025
Davlat xavfsizlik xizmatining koll-markazi ishga tushirildi

13:15 / 12.05.2025
Fuqarolarni AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishga uringan shaxslar ushlandi

07:40 / 06.05.2025