Sport | 10:12 / 21.05.2025
13613
8 daqiqa o‘qiladi

«Siti» KDB bilan xayrlashdi va YeChLga yaqinlashdi

To‘rt gol, ikki chetlatish, Kevin de Bryuynening «Etihad»dagi so‘nggi o‘yini, Rodrining qaytishi – «Manchester Siti» «Bornmut» ustidan yorqin g‘alabaga erishdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

APL, 37-tur
«Manchester Siti» – «Bornmut» 3:1
Gollar:
Marmush 14, Silva 38, Niko 89 – Jyebbison 90+6.
«Manchester Siti»: Ederson, Ruben Diash, Akanji, Gvardiol, Mateus Nunes, Kovachich, Gundo‘g‘an (Grilish, 90+2), De Bryuyne (Gonsales, 69), Marmush (Doku, 90+2), Bernardu Silva (Bobb, 90+2), Holand (Rodri, 82)
«Bornmut»: Arrisabalaga, Hausen, Zabarniy, Kerkez (Soler, 83), Arauxo (Smit, 69), Kuk, Adams, Klyuyvert (Bruks, 46), Semenyo, Taverniye, Evanilson (Jyebbison, 83)
Ogohlantirishlar: Ederson 67 – Hausen 36, Arauxo 44, Taverne 88
Chetlatishlar: Kovachich 67 – Kuk 73.

Mavsum avvalida APLning 35-turida «Manchester Siti» va «Bornmut» o‘rtasidagi uchrashuv birdaniga besh jamoa uchun hal qiluvchi o‘yin bo‘lishini hech kim tasavvur qila olmasdi. Ammo Xosep Gvardiolaning faoliyatidagi eng yomon mavsum barchasini ayqash-uyqash qilib yubordi, Angliya Chempionlar ligasi uchun beshinchi yo‘llanmaga ega chiqishi intrigani maksimal darajada kuchaytirdi.

«Etihad»dagi o‘yin boshlanganida onlayn turnir jadvalida «Siti» to‘plar nisbati yaxshiligi hisobiga «Nyukasl», «Chelsi» va «Aston Villa»ni ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Shu bilan birga, yettinchi o‘rinni egallab turgan «Nottinghem Forest» bilan oradagi farq atigi bir ochkoni tashkil etayotgandi.

Lekin vaziyat tezda favorit foydasiga o‘zgardi. 14-daqiqada Marmush markaziy doira atrofida to‘pni qabul qilib olib, jarima maydoni yaqinigacha bordi va taxminan 30 metr masofadan zarba yo‘lladi, to‘p aql bovar qilmas trayektoriya bo‘ylab «to‘qqizlik»ni aniq nishonga oldi. To‘p ustundan rikoshet bo‘lib to‘rga borib tushishi gol yanada chiroyli ko‘rinish olishini ta’minladi.

Angliya kubogi finalida penaltidan foydalana olmagan misrlik futbolchi uchun ancha uzoq masofadan gol urish osonroq bo‘lib chiqdi. Ushbu futbolchi ko‘p o‘tmay De Bryuyneni juda qulay vaziyatga chiqardi, ammo tajribali futbolchi besh metr masofadan turib darvoza to‘sinini poyladi.

Va baribir tribunalar shu kuni «Siti»ning uy arenasida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan belgiyalikni olqishlashdi va sardor sharafiga qo‘shiqlar kuylashdi. Shu bilan birga, u foydalana olmagan vaziyat qimmatga tushishi ham mumkin edi, biroz o‘tib Yoshko Gvardiolning xatosidan keyin Evanilsonda juda qulay vaziyat yuzaga keldi (u bu mavsumda chempionat o‘yinida ham, Angliya Kubogida ham Gvardiola jamoasi darvozasiga gol urgan), ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi ustunga bordi. Bir necha daqiqa o‘tib jarima maydoni ichiga kirib borgan Gundo‘g‘an Bernardu Silvani golli pas bilan ta’minladi.

Bu gol «Bornmut» uchun jiddiy zarba bo‘ldi va ikkinchi bo‘limning katta qismida mehmonlar pragmatik o‘ynashga o‘tgan «Siti» mudofaasini yorib o‘tish uchun behuda urindi. Maydondagi sukutni faqat tribunalarda De Bryuyne sharafiga kuylangan qo‘shiqlar buzib turardi — fanatlar uning uchun «Qirol Kev» so‘zlari tushirilgan hashamatli banner ham tayyorlashgandi.

 

Bu aksiyaga klub ham qo‘shildi, «shaharliklar» akademiyasi va asosiy jamoa mashg‘ulot bazasini bog‘lovchi yo‘lga sardorning nomi berildi.

De Bryuynening almashtirilishi ham tribunadagilar hissiyotga berilib qarshilashdi. Lekin shu kuni muxlislarni xursand qiladigan boshqa voqea ham ro‘y berdi, 83-daqiqada Erling Holand o‘rniga Rodri maydonga tushdi va bu 2024 yil sentabrida xochsimon paylari uzilib safdan chiqqan futbolchi uchun «Siti» safida sakkiz oy ichidagi ilk o‘yin bo‘ldi.

Bu orada maydonda ikki futbolchi chetlatildi. Avvaliga Mateo Kovachich oldinga chiqib ketayotgan Evanilsonni ushlab qoldi – Yoshko Gvardiolning navbatdagi xatosi tufayli raqib hujumchisi darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib ketishi mumkin edi.

Lekin ko‘p o‘tmay tarkiblar tenglashdi, mehmonlar yarimhimoyachisi Lyuis Kuk Niko Gonsalesga (u aynan De Bryuyne o‘rniga maydonga tushgandi) qo‘pollik uchun maydondan chetlatildi.

Ispaniyalik yarimhimoyachi tom ma’noda kecha qahramonidan estafeta tayoqchasini qabul qilib oldi va jarima maydoni chizig‘idan yo‘llangan aylanma zarbasi bilan o‘yinga nuqta qo‘ydi. Deniel Jyebbisonning o‘yinga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada urgan birgina javob goli amalda hech narsani o‘zgartirmadi.

«Siti» – APLda uchinchi o‘rinda. Ammo hali ham YeChL yo‘llanmasi kafolatlanmadi

Chempionlar ligasining 2025/26 yillar mavsumida Angliyadan oltita jamoa ishtirok etadi. Mavsum yakunlariga ko‘ra UYeFA reytingidagi yuqori natijalar evaziga APL turnir jadvalidagi dastlabki besh o‘rinni olgan jamoaga yo‘llanma berilgan. Yevropa ligasi g‘olibi ham keyingi mavsum YeChL ishtirokchisiga aylanadi, finalda esa «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» o‘zaro o‘ynaydi.

«Liverpul» va «Arsenal» dastlabki ikki yo‘llanmani naqd qilib bo‘lishgan, qolgan uch yo‘llanma uchun esa besh jamoa kurashmoqda. Uchinchi o‘rin va yettinchi o‘rindagi jamoalar o‘rtasida atigi uch ochko bor.

So‘nggi turda turnir jadvalining yuqori qismida shiddatli kurash kechadi:

● «Manchester Siti» amalda ochko kerak bo‘lmagan «Fulhem» mehmoni bo‘ladi, bu o‘yindagi g‘alaba «shaharliklar»ni shubhasiz YeChL ishtirokchisiga aylantiradi, durang hisob ham 99,9 foizga qoniqtiradi, bu holatda  to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha uch jamoa quvib yetishi mumkin, ammo APLda ochkolar teng kelgan holatda birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi, «shaharliklar»da esa bu borada «+26» ko‘rsatkichi yuzaga kelgan. Nazariy jihatdan Gvardiola jamoasini «Nyukasl» (+22 va uyda «Everton» bilan o‘yin) va «Chelsi» (+20, safarda «Nottinghem» bilan safarda o‘yin) ortda qoldirishi mumkin. Ammo «Aston Villa» «+9» ko‘rsatkichi bilan raqobat qila olmasligi tayin. 

Umuman olganda, barchasi Pep jamoasining o‘z qo‘lida.

● «Nottinghem Forest» «Chelsi»ni qabul qiladi, ikki jamoa uchun ham mavsumning eng muhim o‘yini. Londonliklar g‘alaba qozonsa, YeChLga chiqishi aniq, durang esa raqobatchilarga imkon qoldiradi.

● «Aston Villa» orada Yevropa ligasi finalida o‘ynaydigan va asosiy e’tiborini o‘sha o‘yinga qaratadigan «MYu» mehmoni bo‘ladi. Unai Emeri shogirdlari o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish bilan birga, «Chelsi» yoki «Nyukasl» ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak.

● «Nyukasl» uyda «Everton»ni qabul qiladi.

APL 38-turidagi barcha uchrashuvlar parallel tarzda o‘tkaziladi: 25 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da.

Mavzuga oid