O‘zbekiston | 22:24 / 23.05.2025
2314
5 daqiqa o‘qiladi

23 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad portladi, O‘zbekiston maktablariga britaniyalik o‘qituvchilar jalb qilinadi, Netflix Amir Temur haqida film suratga oldi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xorazmda metallolomga topshirilgan snaryad portlab ketdi

Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi metallolom yig‘ish shoxobchasida portlash yuz bergani ma’lum bo‘ldi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, hodisa 11 aprel kuni sodir bo‘lgan. Yig‘ib kelingan temir-tersaklar tushirilayotganda ular orasida bo‘lgan snaryad portlab ketgan. Oqibatda shu yerda ishlovchi 31 yoshli fuqaro og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

Ta’kidlanishicha, snaryadlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida harbiy xizmatchilardan sotib olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu hodisaga oid xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, portlashdan so‘ng voqea joyiga huquq-tartibot organlari xodimlari va sapyorlar yetib borgan. O‘rganish jarayonida shoxobchadan yana 30 ga yaqin snaryad topilgan.

Internetda tarqalgan videoda marhumning onasi o‘g‘li oila boquvchisi bo‘lganini, uning 2 farzandi yetim qolganini aytgan. Ona snaryadlarni sotgan va sotib olib shoxobchaga keltirgan shaxslarga qat’iy jazo qo‘llashni so‘ragan.

Hozirda mazkur ishni Harbiy prokuratura o‘rganayotgani, metallolom yig‘uvchi va unga snaryadlarni sotgan harbiy xizmatchilar ustidan tergov boshlangani, ayrimlari qamoqqa olingani aytilmoqda.

O‘zbekiston maktablariga britaniyalik o‘qituvchilar jalb qilinadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi sovrindorlari bilan uchrashdi.

Muloqot davomida davlat rahbarining «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mazmun-mohiyati va yoshlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyada ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi hamkorlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Tadbir doirasida Volunteer services overseas tashkiloti bilan ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar umumta’lim maktablariga xorijdan malakali mutaxassis va volontyorlar, xususan, 500 nafardan ortiq britaniyalik o‘qituvchilarning jalb qilinishiga kelishib oldi.

Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi pasaydi

2025 yil aprelda Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi 6,2 foizgacha tushdi. Bunda mazkur davrda ijaradan keladigan o‘rtacha daromad 10,9 foizdan 8,5 foizgacha kamaygan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 2,4 foiz arzonladi.

2024 yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy xarid qilib, joriy yil aprel oyida ushbu uyni sotishga to‘g‘ri kelgan investorlar bir yil ichida uy-joylar bozor qiymatining pasayishi sabab uyni xarid narxidan o‘rtacha 2,4 foiz kamiga realizatsiya qilishga majbur bo‘lishdi.

Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida uy-joylar ijarasidan olinadigan o‘rtacha daromad pasayishda davom etdi. O‘tgan yilning aprel oyida o‘rtacha daromadlilik 10,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning aprel oyiga kelib ushbu ko‘rsatkich 8,1 foizgacha pasaydi.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha investitsion jozibadorligi yuqoriroq bo‘lgan 1 va 2 xonali xonadonlar uchun daromadlilik darajasi mos ravishda 8,5 foiz va 6,3 foizgacha tushdi.

Netflix Amir Temur haqida film suratga oldi

Netflix striming platformasi Amir Temurning hayoti va hokimiyat sari yo‘li haqida hikoya qiluvchi «So‘nggi fotihning yuksalishi» nomli filmni suratga olish jarayonini yakunladi.

Ijodkorlarning so‘zlariga ko‘ra, film buyuk sarkardaning yuksalishi haqidagi epik voqeani tarixiy aniqlik va davr muhitiga alohida e’tibor bilan hikoya qiladi.

Film rejissyori Jyeykob Shvars, ssenariy muallifi Metyu Grin. Amir Temur rolini Kristian Mortensen, amir Husayn rolini Mahesh Jadu, Amir Temurning rafiqasi O‘ljoy Turkon rolini o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova ijro etgan.

Filmni suratga olish jarayoni 2022 yil oxirida boshlangan.

Hozir film post-prodyuserlik bosqichida. Suratga olish ishlari O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan, film premerasi 2025 yil yozi oxirida bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid