Jahon | 07:51 / 27.10.2015
7032
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo janubidagi zilzila qurbonlari soni 263 nafarni tashkil etmoqda

26 oktabrda Toshkent vaqti bilan soat 14:09da Afg‘oniston va Pokiston hududlarida yuz bergan zilzila qurbonlari soni 263 nafarga yetdi.

Pokiston hukumati ushbu zilzila tufayli 228 nafar kishining o‘limini tasdiqlagan. Shuningdek, minglab pokistonliklar jarohatlangan.

Afg‘onistonda esa 33 nafar kishi halok bo‘lib, 200 nafarga yaqin kishi tan jarohatlari olgani aytilgan.

Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazining ma'lum qilishicha, zilzila markazi Afg‘oniston poytaxtidan shimoli-sharqiy tomonga 259 km uzoqlikda Hindukush tog‘larida, o‘chog‘i 190 km chuqurlikda bo‘lgan.

AQSh geologiya xizmati ma'lumotiga ko‘ra 26 oktabr kuni, Afg‘oniston vaqti bilan soat 13:39 da (Toshkent vaqti bilan 14:09da) sodir bo‘lgan zilzila episentri Afg‘onistonning Hindukush mintaqasida kuzatilib, 7.5 ballni tashkil qildi. U Pokistonda, Tojikistonda, shuningdek, O‘zbekistonning, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon va boshqa viloyatlarida kuzatildi. Yer silkinishlari Qozog‘istonning Olma-Ota, Taroz, Chimkent, Qirg‘izistonning O‘sh shaharlarida ham sezildi.

Oxirgi xabarlarda Pokistonda zilzila qurbonlari soni 150 nafardan ortgani xabar qilingandi.