Sport | 22:06 / 14.12.2015
6458
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda avtokross bo‘yicha O‘zbekiston chempionati final musobaqalari bo‘lib o‘tdi

2015 yilning 12-13 dekabr kunlari Jizzax shahridagi «Navro‘zbuloq» poygagohida avtokross bo‘yicha O‘zbekiston chempionati final musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yigirma uch yilligi hamda “Keksalarni e'zozlash yili”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston milliy avtomobil federatsiyasi, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi, Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Musobaqada Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va mezbon Jizzax viloyati avtosport ustalari o‘zaro kuch sinashdilar.

“A-7” rusumli avtomobillar poygasida birinchi va ikkinchi bosqich natijalariga ko‘ra toshkentlik Farhod Daminov birinchi, jizzaxlik Temur Narziqulov ikkinchi, qashqadaryolik Isroil Achilov uchinchi o‘rinni egalladilar.

“A-8” rusumli avtomobillar baxsida esa jizzaxlik Umid Soatov birinchi, toshkentlik Shoxrux Shokirov ikkinchi va samarqandlik Jamol Zokirov uchinchi o‘rinlarni band etdilar.

“Baggi” rusumidagi avtomobil haydovchilari o‘rtasidagi bahsda jizzaxlik sportchilar Asqar Hasanov, G‘ayrat Odilov va Omon Yo‘ldoshevlar mos ravishda 1-,2- va 3-o‘rinlarni egallab tengsiz ekanliklarini namoyish qildilar.

Milliy “Neksiya” rusumidagi avtomobillar musobaqasida esa Toshkent shahri vakili Igor Gaziyants 34 ochko jamg‘arib birinchi, Bekzod Odilov 26 ochko bilan ikkinchi va yana bir toshkentlik sportchi Anton Tumanov 19 ochko bilan uchinchi o‘rinlarni band etdilar.
Ikkinchi bosqichda jizzaxlik sportchilar 371 ochko bilan birinchi, 359 ochko to‘plagan toshkentliklar ikkinchi va 193 ochko jamg‘argan namangan viloyati vakillari esa uchinchi o‘rinni egalladilar.

Umumjamoa hisobida yil yakuni bilan Toshkent shahri jamoasi birinchi (793 ochko), Jizzax viloyati sportchilari ikkinchi (780 ochko) va qashqadaryoliklar uchinchi (320 ochko) o‘rinni egalladilar. Namangan (283 ochko), Buxoro (275 ochko) va Samarqand (244 ochko) sportchilari esa 4-,5-,6-o‘rinlarni band etishdi. Surxondaryo viloyati vakillari esa bu yilgi baxslarda bironta ham ochko ishlay olmaganlar.

Bahslar yakunida O‘zbekiston chempionati ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatma: Chempionatning dastlabki bosqichi 2015 yilning mart oyida tashkil etilgan edi.