Jamiyat | 19:45 / 19.01.2016
10236
2 daqiqa o‘qiladi

Internet foydalanuvchilari farzandlariga aroq ichirgan otani qamashni taklif qilishdi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari YouTube portaliga joylashtirilgan videodagi holatni keskin tanqidlarga ko‘mgan holda muhokama qilishmoqda.

Bu videoda qozog‘istonlik ota o‘zining kichik yoshdagi bolalariga aroq quyib berayotgani va o‘zi ham undan iste'mol qilayotgani aks etgan.

Feysbuk foydalanuvchilari tomonidan otaning bu xatti-harakati qattiq tanqid ostiga olindi.

Videotasvirda ota farzandlarga zo‘rlab emas, shunchaki ermak tarzida, ularning xohishi bilan aroq quyib berayotganini ko‘rish mumkin.

16 yanvar kuni tarmoqqa joylangan mazkur video 3 kun ichida feysbukda 112 ming marta ko‘rilgan.

Mazkur videoni tarmoqqa joylagan odam bunga quyidagicha izoh bergan:

“Bu Qozog‘iston. Agar bu jinoiy javobgarlik bo‘lsa, bu ota-onalarga hech narsa endi yordam bera olmaydi, ammo bolalarni hali qutqarish mumkin”.

Boshqa foydalanuvchilar esa Qozog‘iston jinoyat kodeksi moddalarini keltirib o‘tib, bu ishning jinoyatdan boshqa narsa emasligini aytib o‘tishgan.

"Darakchi" sayti yuqorida keltirilgan fikrlarga aniqlik kiritish uchun Qozog‘iston Respublikasi me'yoriy hujjatlari bilan ham tanishib chiqqan:

Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 152-moddasiga binoan voyaga yetmagan bolalarni narkotik yoki spirtli ichimliklar ichishga jalb qilish 180-200 soat jamoat ishiga jalb qilish, 1 dan 2 yilgacha axloqni tuzatish ishlari, olti oygacha hibsga olish, yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo qo‘llaniladi.