Sport | 08:52 / 03.02.2016
3301
2 daqiqa o‘qiladi

Manuel Pellegrini: Chempionlik uchun kurashni davom ettiramiz va «Lester»ga qarshi o‘yinga tayyorlanamiz

«Manchester Siti» jamoasi bosh murabbiyi Manuel Pellegrini Angliya chempionatining 24 turida «Sanderlend» ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi g‘alabadan keyin jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

"O‘yin biz kutganimizdek oson o‘tmadi. Biz autsayder jamoalardan biridan qiyinchilik bilan 3 ochko oldik. Lekin turnirni tark etish xavfi ostidagi barcha jamoalar jonini jabborga berib o‘ynashadi. «Sanderlend» futbolchilari ham bugungi o‘yinda xuddi finalda o‘ynayotgandek kurash olib borishdi.

Biz bugun yaxshi himoyalandik. Oldingi chiziqlardagi bir qancha futbolchilar himoyaga yordam berib turishdi. Albatta, bu bunaqasi ko‘p marta sodir bo‘lmaydigan holat. Biz hujum qilishga va gollar urishga odatlanganmiz.

Biz keyingi 7 kun davomidagi uchinchi o‘yinda maydonga tushdik. Futbolchilar toliqqan va ba'zilar jarohatlangan. Shu tufayli diqqatni yo‘qotmagan holda himoyaviy taktikada harakat qildik. Bugun Xart bir necha marta jamoani qutqatib qoldi. U a'lo saviyadagi darvozabon va u har bir o‘yinda o‘zining jamoada qanchalik muhim o‘rin egallashini ko‘rsatib turadi.

Shanba kuni turnir jadvalidagi peshqadam jamoa «Lester» bilan o‘ynaymiz. Ayni vaqtda mavsum chempionligi uchun asosiy raqibimiz bo‘lib turgan bu jamoaga qarshi o‘yinga qattiq tayyorlanamiz.

Men hamisha muxlislarning yordamiga tayanib ishlaganman. Bugun ham ularning qo‘llab-quvvatlashini eshitganimdan xursandman", deydi murabbiy.