Sport | 21:01 / 08.03.2016
10091
1 daqiqa o‘qiladi

"Lester" muxlislari jamoalari golini nishonlash paytida 0,3 magnitudali zilzila keltirib chiqarishdi

Lesterdagi universitetning geologiya fakulteti talabalari Angliya chempionati 27-turida "Norvich"ga qarshi uchrashuvda "Lester" jamoasi muxlislari tomonidan keltirib chiqarilgan kuchsiz zilzilani qayd qilishdi. Uchrashuv "Lester"ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

Uchrashuvning 89-daqiqasida "Lester" hujumchisi Leonardo Uloa g‘alaba to‘pini kiritdi. "Lester" muxlislari bu golni nishonlayotib 0,3 magnitudali zilzila keltirib chiqarishdi. Bu zilzila seysmik asboblar yordamida qayd etildi.

O‘sha kuni "Lester" to‘purari Jyeymi Vardi gol urmagan bo‘lsa-da, bu hodisa uning sharafiga "Vardiqimirlash" deb nomlandi.

Birinchi bosqich talabasi Richard Xoyl buyog‘iga ham "Lester" uchrashuvlari paytidagi yer qimirlashlar magnitudasini qayd qilib borishni va qaysi bir o‘yinchining goli kuchliroq "zilzila keltirib chiqarishini" aniqlashini aytdi.

Magnitudasi 1-2 balli zilzilalar ba'zi odamlar va hayvonlar tomonidan his qilinadi.