Jamiyat | 15:34 / 02.04.2016
2030
5 daqiqa o‘qiladi

IShIDning tojikistonlik sobiq jangarisi: biz jonli nishon edik xolos

Tojikiston hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya Iroq hududidagi IShID terroristik tashkiloti safida, mingdan ortiq Tojikiston fuqarolari jang qilmoqda. Shu paytgacha, terrorchilar tarkibidagi 300ga yaqin tojik fuqarosi hayotdan ko‘z yumgan

2015 yilda Tojikiston jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, jangarilar safini o‘z hohishi bilan tark etganlar vatanlariga qaytgach, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Qoidaga ko‘ra, vataniga qaytgan jangari dastlab, Tojikiston huquq tartibot va milliy xavfsizlik idoralari, Bosh prokuratura tomonidan so‘roq qilinadi hamda loyiq ko‘rilsa, ozodlikka chiqariladi.

Tojikistonga qaytgan jangarilardan 200 nafarga yaqini shunday jarayonni boshidan kechirgan. Ular orasida, bir paytlar harbiy institut talabasi bo‘lgan, ammo keyinchalik, tirikchilik maqsadida Moskvaga ketib, u yerda taksichilik bilan shug‘ullangan, Vahdat shaharchasida istiqomat qiluvchi Bobojon Qoraboyev ham bor. U Suriyaga yollovchi vositasida Turkiya orqali kirib borgan. Qoraboyev Suriyada 4 oylar bo‘lib qaytgan.

Muxbir Anora Sarkorova u bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Bobojon unga boshidan kechirganlarini aytib bergan.

Qoraboyevning hikoya qilishicha, u Suriyaga 2015 yil yozida borgan va IShIDning Palmiradagi lageriga 150 kishi bilan birga joylangan. Palmira shahridan 3 km uzoqlikda IShIDning maxsus bo‘linmalari tayyorlanar edi.

"IShID jangarilari, Islom nomini ro‘kach qilishadi, ammo Suriyada ko‘rganlarimning nafaqat Islomga, balki dunyoning boshqa dinlariga ham aloqasi yo‘q", degan Qoraboyev.

U Palmirada 4 oyga yaqin, chidab bo‘lmas sharoitlarda yashagani, ochlik, jazirama va chanqoqlikdan juda qiynalganini ta'kidladi. Ularga, bir kunda 7 dona quritilgan xurmo va 1 idishda suv berilgan xolos.

“Garchi bizga, yollanayotgan vaqtimizda, katta daromad va ish va'da qilishgan bo‘lsada, undan asar ham ko‘rmadik”, deb xotirlaydi Qoraboyev.

U Tabhaga o‘tkazilgach, mudhish jinoyatning guvohi bo‘lgan. Mashinada 25 yoshlar atrofidagi bir yigit keltirilib, unga nisbatan hukm o‘qilgan va shundoqqina shahar markazida, omma oldida oshkorona boshi kesib tashlangan. Bu bilan hech kimning ishi ham bo‘lmadi, deydi Bobojon suhbatda.

“Barcha vahshiyliklar, qon va o‘limga ko‘nikib qolgan edi. Yaqin orada urush davom etayotgan bo‘lsa, boshqa bir yerda IShID nomidan insonlarning boshi kesilar, osilar edi”.
Qoraboyevning ta'kidlashicha, boshqalar emas, o‘limga olib ketilayotganlarning o‘zlari ham qarshilik qilmayotgani, unda taajjub uyg‘otgan.

Biz ular uchun shunchaki, inson ko‘rinishidagi mahsulot, tirik nishon, qul edik xolos, deb yodga oladi Bobojon.

IShID hududlarida hech qanday qonun amal qilmaydi. Kitob va gazetalarni qo‘ya turing, o‘zaro muloqot qilish ham taqiqlangan, deb guvohlik beradi sobiq jangari.

Uning aytishicha, u bir marotaba jangda ishtirok etgan, tirik qolganlar qatori unga ham 50 dollar tutqazishgan.

Bobojon, garchi o‘z vataniga qaytgach, hukumat va'dasida turib, uning aybini kechirgan, o‘zi hayotini yangidan boshlashga ahd qilgan bo‘lsada, bu borada birmuncha qiyinchiliklarga duch kelayotganini e'tirof etadi. Xususan, oila qurish borasida omadi kelmayapti.

"Axir, kim ham guldek qizini sobiq bo‘lsada, jangariga erga berardi", deydi u qilmishidan nadomat chekarkan.

Vatanida undan do‘stlari, sinfdoshlari yuz o‘girdi. O‘zi ham ko‘chada bosh ko‘tarib yurishdan or qilmoqda.

Sobiq jangarining e'tirof qilishicha, endilikda uning hayotga qarashi butunlay o‘zgargan. Uning fikricha, IShID jangarilari Islom dinini yomon ko‘rishadi. Ular, jangarilikka tayyorlangan manqurtlardir. Islom dini esa, o‘z qilmishlarini xas-po‘slash uchun bir niqob xolos.

"Buning jihodga ham umuman aloqasi yo‘q. Suriyadagi urush, bu katta biznes, pul va kimningdir manfaatiga javob berayotgan o‘yindir. Yollovchilar, komandirlar va yetakchilarning barchasi, o‘z vazifasini bajarishi bilan haqqini oladi. IShID rahbarlarida insoniylik qadriyatlari, rahmdillikdan asar ham yo‘q. Hohlardimki, mening xatolarimni hech kim takrorlamasin. Adashib, oila a'zolariga va o‘ziga umrbod aziyat yetkazmasin, ta'na dashnomga qolmasin", deb hikoyasini yakunlagan Bobojon Qoraboyev.