Jahon | 09:00 / 05.04.2016
4227
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an va Turkiyaning 50 mln aholisi haqidagi ma'lumotlar internetga chiqib ketdi

Noma'lum xakerlar Turkiyaning deyarli 50 mln aholisi haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni internetga ochiq muomalaga qo‘yishdi. Bu haqda Die Welt gazetasi xabar berdi.

Ma'lumotlarni yuklab olish uchun havola 4 aprelda Hacker News forumida chop etildi. Xakerlarning aytishicha, Turkiyaning muammosi uning texnik infratuzilmasining zaif himoyalanganligidadir, aynan shu sababli 6,6 Gb lik ma'lumotlar bazasi ochiq muomalaga chiqib ketdi.

Turkiya aholisi 2015 yil boshidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 77,7 mln kishini tashkil qilgani hisobga olinsa, deyali 60 foizdan ko‘proq turkiyaliklar haqidagi ma'lumotlar oshkor qilingan.

Chop etilgan malumotlar fuqarolarning ism-familiyasi, ota-onasining familiyalari, jinsi, tug‘ilgan yili va joyi, uy manzili va identifikatsion raqamini o‘z ichiga oladi.

Xakerlarning ta'kidlashicha, ularning bu harakatlari Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qaratilgan. Ular Turkiya aholisini "davlatni tanib bo‘lmas darajagacha vayron qilayotgani uchun Erdo‘g‘an bilan biror narsa qilishga" chaqirdilar.

"Qoloq mafkura, tanish-bilishchilik va Turkiyada diniy ekstremizmning o‘sishi texnik infratuzilmani barbod qilishga olib kelishi mumkin deb kim o‘ylabdi deysiz?", deyilmoqda xakerlar murojaatida.

Bu murojaat ostida xakerlar Turkiya prezidentining shaxsiy ma'lumotlarini va butun hajmdagi ma'lumotni yuklab olish uchun havolani chop etishdi.

Bu ma'lumotlar qanday chiqib ketgani noma'lumligicha qolmoqda. Die Welt taxminicha, ma'lumotlar Turkiya ichki ishlar vazirligi MERNİS ma'lumotlar bazasidan yoki saylovchilar ro‘yxatidan olingan bo‘lishi mumkin.

O‘zini Turkiya fuqarosi deb tanishtirgan, Hacker News’ning ttn nomli foydalanuvchisining aytishicha, u bazadan o‘zi haqidagi ma'lumotni topa olgan. Biroq bu holat uni ajablantirmadi: Turkiya hukmron partiyasiga yaqin kompaniyalar bir yil avval foydalanuvchilar xavfsizligini ta'minlash uchun katta pullik davlat buyurtmalarini olishgan, biroq buni yetarlicha darajada eplay olishmagan.

Uning aytishicha, istalgan jinoyatchi bazadagi ma'lumotlardan foydalanib, boshqa odam ismiga SIM-karta olishi va undan o‘z qabihliklarida jazosiz qolgan holda foydalanishi mumkin (misol uchun, bombani masofadan turib portlatishi, firibgarlik maqsadlarida).