Fan-texnika | 17:52 / 13.04.2016
2689
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota uBox elektromobil kontsepti taqdim etildi

Toyota avtokonserni va Amerikaning Klemenson universiteti qoshidagi xalqaro avtomobillar tadqiqot markazi talabalari (CU-ICAR) Deep Orange loyihasi doirasida Z avlodi(internet, ijtimoiy tarmoqlar, kompyuterlar, mobil qurilmalar va shunga o‘xshash vositalar keng qo‘llanilgan davrda tug‘ilganlar) uchun maxsus yaratilgan uBox kontsept elektrokarini ishlab chiqishdi.

Avtomobil birmuncha serqirra bo‘lsada, alyumin va kompozit materiallardan tayyorlangan ajoyib, bir qismli kuzovdan iborat. Uning tomi egilgan shishadan yasalgan, orqaga ochiluvchi eshiklar va diodli yoritqichlar bilan jihozlangan.

Yo‘lovchi o‘rindiqlari, maxsus relslarga o‘rnatilgan. Uning yordamida, o‘rindiqlar masofasini belgilash, ularni yukxonani kengaytirish maqsadida yig‘ish yoki olib tashlash mumkin.

Toyota uBox kontseptining priborlar paneli, havo quvurlari to‘sig‘i hamda eshikdagi panellarni maxsus ilova va 3D-nashr yordamida didga moslab olish imkoniyati mavjud.

Ishlab chiqaruvchilar elektromobilning texnik ko‘rsatkichlariga oid ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashmagan bo‘lsa-da, aslida kontsept uchun bu unchalik ham muhim hisoblanmaydi.

Toyota uBox faqat kontsept bo‘lib qolishi aniq. Ammo, yapon avtomobilsozlik kompaniyasi, uning ayrim jihatlarini yangi mashinalarida tatbiq etishi mumkin.