O‘zbekiston | 09:17 / 22.04.2016
8410
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda saylovga oid masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda OAV roli mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi

Namanganda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari sayloviga oid masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Namangan viloyati hududiy bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Namangan viloyati komissiyasi a'zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi. Xususan, demokratiyaning muhim omili bo‘lgan saylov institutining mustahkam huquqiy asosi yaratilib, izchil takomillashtirilmoqda.

– Fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi jarayonida o‘tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar fuqarolarning siyosiy faolligini oshirish, ularda vatanparvarlik va islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Namangan viloyati hududiy bo‘limi rahbari Zafarjon Xudoyberdiyev. – Saylovning ochiqlik, oshkoralik, adolat va xolislik tamoyillarida o‘tishini ta'minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Anjumanda jurnalistlar bilan saylov qonunchiligi, tashkiliy-huquqiy asoslari borasida targ‘ibot ishlarini olib borish, bevosita saylov kuni jarayonlarni yoritish bo‘yicha fikr almashildi.

Namangan viloyatida 882 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 9 ming 600 dan ziyod maslahatchisi saylanadi. Shahar va tumanlarda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya va ishchi guruhlari tomonidan saylovni tashkil etish, munosib nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha taraddud ishlari qizg‘in bormoqda.

Mavzuga oid