Sport | 15:22 / 03.05.2016
7246
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek blogeri «Lester»ning chempionligi haqida: Shohga aylangan cho‘pon

O‘zbekistonlik futbol jurnalisti, «Chempion» gazetasi ijodkori, bloger Xayrulla Hamidov Angliya premer-ligasining joriy mavsumida «Lester» jamoasining chempion bo‘lishi munosabati bilan o‘z taassurotlarini maqolasida jamladi.

Quyida uff.uz saytidan olingan ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

«Lester»ning chempionligi kimgadir yoqmayapti, bilaman. Kimdir jamoaning keyingi yili borasida qayg‘urmoqda, sho‘ri quriydi, degan ma'noda.

Yana kimgadir oddiy alam qilmoqda, APLning eng kambag‘al jamoalaridan biri boyvuchchalar ichida xohlaganini qilganiga. Kimdir «Lester»daka klublarning g‘olibligi natijasida boshqalarga yomon tomondan bo‘ladigan ta'sir borasida fikr bildirar ham. Lekin men xursandman.

Yoshligimda buvim aytib beradigan ertaklarda cho‘pon yigit malikaning chidab bo‘lmas shartlaridan o‘tib, oxir-oqibat unga uylanishi haqida eshitgandim. Shunday voqealar sodir bo‘lishini istardim ichimda. Va qarangki, bu ertak qirqqa kirganimda, «Lester» ustozi Raneri timsolida namoyon bo‘lishini bilmagan ekanman. O‘sha ertak hayotiy bo‘lib chiqdi. 

Rahmat, Raneri! Rahmat, Vardi, Kante, Mahrez va bu mavsum jamoa libosida maydonga tushib kelgan jami yigitlar! 

Sizlarning ustingizdan yarim yil davomida kulib kelishdi. Ba'zi tilini jilovlay bilmaydiganlar «Lester» chempion bo‘lsa, TVdagi ko‘rsatuvini yalong‘och holda olib borishga-da va'da berib yubordi. Ba'zi so‘zamollar «Tottenhem»ning so‘nggi turlarda oltin medallarni tortib olishini-da bashorat qilishdi. Hammasi sharmanda bo‘ldi. 

Keyingi yil ham kirib keladi. Nasib qilsa, boshqa turnirlarda ham APLdagi mo‘jizani davom ettirishga imkoniyat tug‘iladi. Ammo aytib qo‘yay, YeChLdagi ilk o‘yiningizdan boshlab yana kulishadi. Angliyaning nomdor klublari o‘ynay olmayaptiku, «cho‘ponlar»ga balo bormi, deb yana sha'ma qiladilar. Siz esa yana beparvo holda o‘ynayveringlar! Ular ham odam, ularning ham ikki oyog‘i, ikki qo‘li bor. Sizdan hech qayerlari ortiqcha emas. Ortiqcha emasligini APLda ko‘rsatib bo‘ldingiz-ku, endi navbat Yevropaga. Qaytanga u tomonlarda osonroq. Bir paytlari siz kabi chempion bo‘la olmagan «Lids»ki YeChLni titratib tashlagandi, siz bugun ulardan-da kuchliroq, ulardan-da shiddatliroq holdasiz. Xuddi bugungidek to‘p sursangiz - kifoya, raqiblarning holini tasavvur qilyapman. 

Bu voqea La-liga yo Bundesligada sodir bo‘lganida, ochig‘i, u qadar hayron qolmasdim. Pul degani yomg‘ir bo‘lib yog‘ilayotgan Angliyada moliyaviy tomondan past ko‘rsatkichli jamoalarga ancha mushkul bo‘ladi. Ana shunday moliyaviy qozon qaynab turgan maskanda hammani tiz cho‘ktirganingiz uchun ham sizlarga butun dunyo muxlislik qildi, sezdingiz-a?! Ichlarida yonib tomosha qilishdi o‘yiningizni! 

«Chelsi»ning yo‘qolib ketgan yulduzi Azar siz uchun yulduzli shohsupasiga qaytib berdi, ko‘rdingizmi o‘zi?! Siz nafaqat o‘zingiz fantastik o‘yin ko‘rsatdingiz, balki boshqalarni ham siz uchun o‘ynashga majbur etdingiz! 
«MYu» sizni bir kunginaga to‘xtatib turdi, bir kunginaga! Boshqa narsaga kuchi yetmadi!

«ManSiti» shayxlari milliardlar pullari suvga oqayotganini bilib qolishdi siz bilan o‘yinda. 

«Tottenhem» umri bino bo‘lib Angliyaning yovvoyilari bo‘lmish «MYu», «MS», «Arsenal», «Chelsi»lardan o‘zini yuqorida ko‘rgan edi. Mana shunday grandlardan yuqorida turib-da, chempion bo‘la olmaslik mumkinligini angladi. Dahshat!!!

Mana shunaqa, Pochettinoga atalgan tortning chetini kesib qo‘ygan siz bo‘lasiz, ey lesterlik gavroshlar! 

O‘zbekiston atalmish mamlakatda ham sizning muxlislaringiz paydo bo‘lgan, erta indin bozorlarimizga siz kiyib yurgan arzon liboslar kelib qolsa kerak. Buyog‘iga ham muxlislik qiladi ishqibozlar! Chunki sizni YeChLda ko‘rish ham bir boshqacha kayfiyat ulashmoqda odamga. 

Buvim aytib beradigan ertak meni ko‘pincha uxlatib qo‘yardi. To‘qqiz oy davomida siz tomoningizdan aytilgan ertak bugun meni uxlatmadi. Shu maqolani yozishga undadi. Rahmat, mana shunday onlarni taqdim etganingiz uchun! 

Darvoqe, Vardi Yevropa chempionatigacha dam olsa ham bo‘laveradi. Unga mumkin! Tabrik, «Lester»! Sizlar bugun o‘zga sayyoraliksizlar! 

Malikaga uylangan cho‘ponga chopon kiygazishyapti xayolimda...

Mavzuga oid