Sport | 15:19 / 17.03.2017
11105
2 daqiqa o‘qiladi

«Lester» va «MYu» APLda 4-o‘rinni egallagan jamoani YeChLdan mahrum etishi mumkin

Agar «Lester» Chempionlar ligasida, «Manchester Yunayted» esa Yevropa Ligasida g‘olib chiqsa, APLda 4-o‘rinni egallagan jamoa keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Chempionlar ligasida ayni vaqtda «Lester» Angliyaning yagona vakili sifatida qolgan. Nazariy jihatdan agar «tulkilar» jamoasi turnir chempioniga aylansa, jamoa keyingi mavsumda guruh bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ringa ega bo‘ladi.

Yevropa Ligasida ham Angliyadan bir vakil bor – «Manchester Yunayted». Bu jamoa turnir favoriti sifatida qaralmoqda. Tartibga ko‘ra Yevropa Ligasi g‘olibi Chempionlar ligasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Qoidaga ko‘ra har bir futbol assotsiatsiyasi Chempionlar ligasida ko‘pi bilan 5tadan vakil taqdim eta olishi mumkin. Yuqoridagi holat ro‘y bergan taqdirda APLda to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoa o‘z-o‘zidan turnirda qatnashish imkonidan mahrum bo‘ladi.

«Manchester Yunayted» va «Lester» ayni vaqtda Chempionlar ligasi uchun yo‘llanma beruvchi hududda emas, Mourino shogirdlari 6-o‘rinda joylashgan, amaldagi chempionlar esa bu mavsumda ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda - 15-o‘rin. 

Ayni vaqtda APLning to‘rtinchi o‘rnida «Liverpul» (55 ochko) joylashgan, bu jamoadan 2ta kam o‘yin o‘tkazgan va 21 yildan buyon hali YeChLdan qolib ketmagan «Arsenal» esa 50 ochko bilan beshinchi o‘rinda.

Mavzuga oid