Jyeyms Kukning Yendeavour kemasi qoldiqlari topildi
Tadqiqotchilarning ishonch bildirishlaricha, ular ingliz xaritashunosi va kashfiyotchisi Jyeyms Kukka tegishli Yendeavour kemasining qoldiqlarini topishga muvaffaq bo‘lishgan. Jyeyms Kuk 1770 yilda ayni kema yordamida Avstraliya qirg‘oqlariga yetib kelishga musharraf bo‘lgan, deb xabar qilmoqda CNN telekanali.
Rhode Island Marine Archeology Project (RIMP - Rod Aylend dengiz arxeologiya loyihasi) notijorat tashkiloti xodimlarining bayonot berishlaricha, ular Nyuport (Rod-Aylend, AQSh) yaqinida kema qoldiqlarini topishgan. RIMP ijrochi direktori Keti Abbass (Kathy Abbass)ning so‘zlariga ko‘ra, Kukning mashhur ekspeditsiyasidan so‘ng, Yendeavour’ga «Lord Sendvich» nomi berilgan.
Tashkilotning fikricha, ushbu kema britaniyaliklar tomonidan 1778 yilda 12ta kema bilan birga Rod Aylend qamali chog‘ida Narragansett bo‘g‘ozi sayozliklarida cho‘ktirib yuborilgan. RIMPda ma'lum qilishlaricha, ularning tadqiqotchilari kema qoldiqlari bo‘lgan 9 ta joyni aniqlashgan. Ularning birida 5 ta kema, xususan, «Lord Sendvich» qoldig‘i ham bor.
«Inqilob vaqtida Nyuportda cho‘ktirib yuborilgan 13 dona kema Amerika tarixida muhim ahamiyatga ega», — deb tadqiqotchilar fikrini keltiradi BBC News. Endilikda, dengiz arxeologlari qoldiqlarning «Indevor»ga tegishli qismlarini aniqlash maqsadida jiddiyroq izlanishlar o‘tkazish niyatida.
Jyeyms Kuk 1768-1771 yillardagi o‘zining dunyo bo‘ylab ilk sayohatida «Indevor» kapitani bo‘lgan.