Fan-texnika | 06:55 / 06.05.2016
7924
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik virtual reallik shlemini 25 soat uzluksiz ishlatib, rekord o‘rnatdi

Los-Anjyeleslik kinorejissyor Derek Uesterman virtual reallik shlemini 25 soat uzluksiz ishlatib, jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Uesterman nafaqat virtual reallik shlemida o‘ynagan, balki virtual fazo bo‘ylab maqsadsiz harakatlanib yurgan. Buning uchun u virtual reallikda surat chizish uchun Tilt Brush dasturi va HTC Vive shlemidan foydalangan. Bu vaqt davomida Uestermanning yonida odamlar bo‘lgan va uni ovqatlantirib turishgan.

17 soatdan keyin Uesterman ko‘ngli ozib, qayt qilib yuborgan. Tajribaning 21-soatida esa nimalarnidir g‘o‘ldirashni boshlagan va so‘ngra "Men qayerda ekanligimni bilmayman" deb hayqirib yuborgan hamda kontrollyorlarni qo‘lida u yerdan-bu yerga siltashda davom etgan.

Derek hammasi bo‘lib shlemda  25 soat bo‘ldi va uning bu natijasi Ginness rekordlar kitobi tomonidan qayd qilindi. Biroq mutaxassislarning fikricha, bu rekord yaqin orada yangilanadi. Shifokorlar bunday "marafonlar" miya uchun xavfli bo‘lishidan ogohlantirishmoqda.