Kemeron: Britaniyaning YeIdan chiqishi Yevropadagi xavfsizlikka tahdid soladi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron birlashgan qirollik aholisi YeI tarkibidan chiqish uchun ovoz berish orqali Yevropadagi tinchlikning taqdirini xavf ostiga qo‘yishlari mumkinligidan ogohlantirdi.
"Ertami kechmi ortga burilib Yevropaga yuzlanganimizda biz bugungi qarorimiz uchun afsuslanishimiz mumkin. Biz ortga qaytishimizga to‘g‘ri keladi, lekin buning bahosi baland bo‘ladi", deya vazirning so‘zlarini keltiradi The Telegraph nashri.
Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya tarixi Yevropa xalqlari tarixi bilan chambarchars bog‘liqdir. U buni tarixiy voqealar orqali, Vaterloo jangi, Goxshtedt muhorabasi, Trafalgar burnidagi dengiz jangi hamda Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari voqealarini misol keltirib dastaklamoqchi bo‘lgan.
"Biz o‘zimizning dunyodagi nufuzimizdan faxrlanamiz, Britaniya hamisha ulkan davlat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Biz bilamizki, global davlat bo‘lish va Yevropadagi yetakchi davlat bo‘lish bir-birini inkor qilmaydigan tushunchalardir", deya qayd etgan Kemeron.
U shuningdek, Yevropa Ittifoqi barcha qilgan xatolariga qaramasdan qit'adagi tinchlikni ta'minlashda jon kuydirganini e'tirof etib, Britaniyaning izolyatsiyalanib olishi o‘z foydasiga bo‘lmasligini ta'kidlagan.
"Aynan YeI, o‘n yilliklar davomida "bir-birini g‘ajib kelgan" davlatlarni birlashtirishga yordam bergan. Buyuk Britaniya YeIdan ajralib chiqadigan bo‘lsa, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalik xavf ostida qolmasliliga hech kim kafolat bermaydi", — deydi Kemeron.
Birlashgan qirollikning YeI tarkibidan chiqishini Kemeron "o‘ylamay, mas'uliyatsizlik bilan amalga oshirilayotgan harakat", deya baholagan.
"Agar YeI tarkibida qolsak, kelajakda bizni nimalar kutayotganini aniq ayta olamiz, aks holda, bu qorong‘ulik sari sakrashga tengdir", — deydi Kemeron.
Kemeronning fikricha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi, eng avvalo, oddiy fuqarolar hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. "Boylar, yirik tadbirkorlar hayoti o‘zgarmaydi, ammo siz umumiy bozorni tark etmoqchi ekansiz, bu ish o‘rinlari va oddiy odamlarning daromadiga zarba beradi", — deya ta'kidlagan u.
Aprel oyi oxirida Devid Kemeron va uning sobiq bosh kotibi Brendan Barber Guardian nashrida maqola chop ettirgan, unda Britaniyaning YeIdan chiqishi keltiradigan talofatlar haqida so‘z yuritilgandi.
Shu bilan bir vaqtda Londonning sobiq meri Boris Jonson bosh vazirga qarama-qarshi ruhdari nutqi bilan chiqish qildi. Uning fikricha, Britaniyaning YeIda qolishi qirollikning suverenitetiga va uning imkoniyatlariga rahna soladi.
Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi masalasi 23 iyunda o‘tkaziladigan umumxalq referendumi orqali hal etiladi.
Ipsos-MORI agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, birlashgan qirollik YeI tarkibidan chiqadigan bo‘lsa, boshqa davlatlar ham undan o‘rnak olib, YeIni tark etishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Mavzuga oid

11:56 / 12.04.2025
YeI bolalar o‘yinchoqlarida qator kimyoviy moddalardan foydalanishni taqiqlayapti

17:29 / 11.04.2025
Si Jinping YeIni AQSh bojlariga qarshi kurashda Xitoy bilan birlashishga chaqirdi

12:09 / 10.04.2025
YeI Ukrainaga yana 1 mlrd yevrolik navbatdagi transhni to‘ladi

09:22 / 08.04.2025