Sport | 10:50 / 14.05.2016
5179
2 daqiqa o‘qiladi

Povetkinning doping tekshiruvida meldoniyning qoldiqlari aniqlandi

Rossiyaning o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bokschisi Aleksandr Povetkinning doping tekshiruvida meldoniyning o‘ta kam miqdordagi qoldiqlari aniqlangan. Sportchi ushbu moddani 2015 yil sentabrida iste'mol qilgan, deb xabar qilgan Povetkin manfaatlarini himoya qiluvchi "Mir boksa" promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy TASS agentligiga. 

"Uning qonida juda kam miqdordagi meldoniy qoldig‘i aniqlandi. Aleksandr o‘tgan yilning sentabrida dorini iste'mol qilgan. Modda esa, 2016 yil 1 yanvaridan so‘ng doping ro‘yxatiga kiritildi. Shundan so‘ng, u bu doridan foydalanmagan. Vaziyatga turlicha yondashish mumkin. Doping-probasi aprel oyida olingan edi", - deb aniqlik kiritgan Ryabinskiy.

"Biz WBC (Butunjahon Boks kengashi) bilan aloqadamiz, Povetkinning amerikalik bokschi Deonte Uaylder bilan jangi o‘tkaziladimi-yo‘qmi buni ular hal qilishadi", - degan TASS suhbatdoshi.

Ryabinskiy so‘zlariga ko‘ra, Povetkin doping probasidagi meldoniy miqdori 70 nanogramm (70 nanogramm = 7 x 10-8 gramm)ni tashkil etgan.
Povetkin va WBC tasnifi bo‘yicha o‘ta oir vaznda jahon chempioni Uaylder o‘rtasidagi jang 21 may kuni Moskvaning "Megasport" majmuasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. 

Butunjahon boks kengashi prezidenti Maurisio Sulaymonning ma'lum qilishicha, tashkilot hozircha Povetkin - Uaylder jangini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilganicha yo‘q. 

Meldoniy 2016 yil 1 yanvaridan e'tiboran, Butunjahon dopingga qarshi agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgandi.