Jahon | 22:45 / 01.06.2016
20490
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda trevoga e'lon qilindi

Fransiya poytaxti Parij shahrida suv toshqinlari tufayli trevoga holati e'lon qilindi. 4 kundan buyon yog‘ayotgan tinimsiz yomg‘irlar tufayli shahar markazidan oqib o‘tuvchi Sena daryosi o‘z qirg‘oqlaridan toshishi ehtimoli yuzaga kelgan.

Xabar qilinishicha, A10 Parij — Bordo shossesi va poytaxtni Orlean shahri bilan bog‘lovchi temir yo‘l harakati suv oqimlari tufayli yopilgan. Shuningdek, Mets shahrida shunday holat kuzatilmoqda. Qayd etilishicha, Parijdan 110 km janubdagi Montarji shahridagi maktablar va keksalar uyi evakuatsiya qilingan.

Fransiya milliy meteobyurosi ma'lumotiga ko‘ra, bu keyingi 150 yil ichida eng ko‘p yomg‘ir yoqqan yomg‘ir bo‘ldi.

Qayd etilishicha, qutqaruv xizmatlariga xavotirga tushgan fuqarolar tomonidan 8 mingga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Hukumat o‘tgan haftaning juma kunida Sena daryosidagi suv sathi 5,6 m ko‘tarilganini qayd etdi. Suvning 6 metrga ko‘tarilishi RER elektrichkasi harakatini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Sena daryosida suv sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liq eng yuqori ko‘rsatkich 1910 yilda qayd etilgandi (8,6 m).