Sport | 17:39 / 14.06.2016
6366
5 daqiqa o‘qiladi

Anons: Shu vaqtgacha bir-biriga 557 gol urgan Avstriya – Vengriya to‘qnashuvi

Bugun, 14 iyun kuni 2016 yilgi Yevropa chempionatining beshinchi kunida Bordo shahridagi "Matmyu Atlantik" stadionida Avstriya – Vengriya to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi. F guruhi vakillari bo‘lmish ushbu jamoalar uchrashuvini fransiyalik hakam Klemen Turpin boshqarib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi.

Avstriya va Vengriya 100 yil oldin bitta davlat bo‘lgan. Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalangach, ikki xalq futboli turli yo‘llardan ketdi. Vengrlarda o‘tgan asrning ikkinchi yarmida "Oltin avlod" bo‘ldi (Groshich, Kochish, Tsibor, Bojik, Pushkash). Avstriyaliklar uzoq vaqtgacha Yevropaning o‘rtamiyona jamoasi sifatida qarab kelingan. Keyingi 10 yillikda esa bu mamlakatda futbol rivojlandi va Aleksandar Dragovich va David Alaba kabi yoshlar yetishib chiqdi. Ayni vaqtda Avstriya FIFA reytingida 10-o‘rinda, Vengriya 20.

Tarix
Yevropada bir-biri bilan eng ko‘p o‘zaro o‘yin o‘tkazgan terma jamoalar Avstriya va Vengriya hisoblanadi - 137 marta. Hatto Buyuk Britaniyadagi terma jamoalar o‘rtasida ham o‘zaro shuncha ko‘p o‘yin bo‘lib o‘tmagan.
Bu uchrashuvlar orasida Avstriyaning 8:2, 6:0 hisoblaridagi yirik g‘alabalari ham, 1:6, 2:5, 3:6 hisoblaridagi mag‘lubiyatlari ham bor. Bir safar 5:5 hisobidagi durang qayd etilgan.
137 uchrashuvda jamoalar jami 553ta gol urishgan. Bu har bir o‘yinda o‘rtacha hisobda 4ta gol demakdir. O‘yinlarning 67tasida Vengriya, 40tasida Avstriya g‘alabasi qayd etilgan, 30 uchrashuv durang hisob bilan yakunlangan.
Oxirgi marta bu terma jamoalar 10 yil muqaddam o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zaro o‘ynagan, o‘shanda vengrlar 2:1 hisobida g‘alaba qilgan. Terma jamoalarning oxirgi rasmiy uchrashuvlari 1986 yilgi JChga saralash bosqichi doirasida 1984-85 yillarda bo‘lib o‘tgan va bu uchrashuvlarda vengriyaliklar 3:0 va 3:1 hisoblarida zafar quchgan.

Bugungi kun
Avstriya 2016 yilgi Yevropa chempionati saralashida 10ta o‘yindan 9tasida g‘alaba qilib, faqat birida durang o‘ynadi. Jamoa Shvetsiyani safarda 4:1 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi.

Vengriya esa saralashning F guruhida kurash olib bordi. Bu guruhda Shimoliy Irlandiya birinchi o‘rinni egalladi. Vengrlarning raqiblari Ruminiya, Finlyandiya, Farer orollari va Gretsiya bo‘ldi. Vengrlar 4ta g‘alaba, 4ta mag‘lubiyat va 2 durang qayd etib, uchinchi o‘rinni egalladi. O‘tish o‘yinida esa Norvegiya ikki uchrashuvda 1:0 va 2:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchratildi. Bu esa Vengriyaning keyingi 30 yil ichida birinchi marta yirik xalqaro turnirda ishtirok etishiga zamin yaratdi.

Turnirga tayyorgarlik vaqtida Avstriya Maltyani yengdi, Niderlandiyadan mag‘lub bo‘ldi. Vengriya Germaniyaga yutqazib, Kot-d`Ivuar bilan durang o‘ynadi.

Avstriya terma jamoasida Dragovich va Alabadan tashqari, chap qanotda APLning amaldagi chempioni Kristian Fuks hamda Angliyada o‘ynovchi yana bir iqtidorli futbolchi Marko Arnautovich bor. Germaniya chempionati ishtirokchilari Marko Yunuzovich hamda hujumchi Marko Yanko (u saralash bosqichida 7ta gol urgan) ham vengrlarga jiddiy muammolar tug‘dirishi kutilmoqda.

Vengriyada 40 yoshli darvozabon Gabor Kiroy bor. Adam Salai, Zoltan Gera va Balaj Jujakda terma jamoaning keyingi 34 yil ichida Yevropa chempionatidagi ilk golini urish imkoni bo‘ladi.

Taxminiy tarkiblar:

Marsel Koller, Avstriya terma jamoasi bosh murabbiyi:
"Biz uzoq vaqt davomida turnirga tayyorgarlik ko‘rdik. O‘ylaymanki, turnirga tayyormiz. Umid qilamanki, shogirdlarim o‘z o‘yinlarini namoyish eta olishadi. Vengriya – oddiy bo‘lmagan raqib. Ular qarshi hujumlarda yaxshi o‘ynashadi. Bizni o‘ziga xos derbi kutmoqda, bu bahsda g‘alaba qozonishimiz lozim".

Bernd Shtork, Vengriya ustozi:
"Bizni tarixiy uchrashuv kutmoqda. Men futbolchilarimning o‘yin davomida himoyada yaxshi harakat qilishiga umid qilaman. Avstriya – bu uchrashuvda favorit, lekin biz ularga gol urishimiz kerak. Birinchi o‘yindagi g‘alaba o‘zimizga ishonch hosil qilishimiz uchun muhim".

Manba: Tribuna.Uz