Jamiyat | 13:50 / 17.06.2016
10290
2 daqiqa o‘qiladi

Ishyoqmas, dangasa, bekorchilar musobaqasi

Odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi, deysiz. Yaqinda Janubiy Koreyada g‘alati musobaqa o‘tkazildi. Seulda Space Out musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa ishtirokchilari 90 daqiqa davomida hech narsa qilishlari kerak emas edi. Asosiy shartlarga ko‘ra, “ishyoqmas, dangasa, bekorchilar” mobil telefondan foydalanmasliklari, soatga qaramasliklari, uxlamasliklari va gaplashmasliklari kerak edi. Noodatiy musobaqa Ichon Xangan bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Unda 70ga yaqin kishi ishtirok etdi. Ishtirokchilardan kimdir hojatga chiqmoqchi yoki suv ichmoqchi bo‘lsa, zarur hujjatni ko‘rsatib, xakamga murojjaat qilishi kerak edi.

Bekorchilar chempionatini o‘tkazish g‘oyasi koreyalik rassom ayol Vups Yan tomonidan 2014 yilda ilgari surilgan edi. Yanning fikricha, bir vaqtning o‘zida ko‘p odam bekorchi bo‘lsa, bu jarayon boshqalar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Rassomning aytishicha, musobaqada ishtirok etish niyatida bo‘lgan 2 mingga yaqin kishi ariza bergan. Ammo u 70 kishini tanlab oldi. Eng “yaxshi” dangasa deb reper Shin Nio-Seob tan olindi. U 90 daqiqa maboynida skameykada bamaylihotir hech narsaga e'tibor qaratmay o‘tirdi. Musobaqa yakunida u uyda mashq qilganini tan oldi.