Jahon | 18:01 / 20.06.2016
9573
2 daqiqa o‘qiladi

Bahraynda taniqli shialar rahnamosi fuqarolikdan mahrum etildi

Bahrayn hukumati Ichki ishlar vazirligiga shialarning taniqli diniy rahnamosi shayx Iso Ahmad Qasamni fuqarolikdan mahrum etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu haqda RIA Novosti Bahrayn IIVga asoslanib, xabar tarqatgan.

Bahrayn hukumati o‘z qarorini bu rahnamo "Bahrayn fuqaroligidan foydalangan holda tashkilot tuzib, xorijdagi diniy-siyosiy tashkilotlarning topshiriqlarini bajarayotgani" bilan izohlagan.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, ushbu shayx qonunning 10ta moddasi asosida fuqarolikdan mahrum etilgan. 

"Huquq tartibot organlari aniqlashicha, shialar yetakchisi Bahraynda ekstremistik konfessiyalar tuzilishida asosiy rolni o‘ynagan va jamiyatning bo‘linishiga xizmat qilgan. Uning omma oldida qilgan chiqishlarida xorijiylarning manfaatlari ifodalangan", deyilgan xabarda.

IIV bayonotiga ko‘ra, shayx Qasam doimiy ravishda Bahraynga dushmanona kayfiyatdagi xorijiy tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bundan tashqari, uning hisob raqamlarida manbasi noma'lum bo‘lgan o‘n million dollar mavjudligi aniqlangan.

O‘tgan haftada Bahrayn politsiyasi shialarning bir qator tashkilotlarida reydlar o‘tkazgan, tashkilotlarning rahnamolarini qo‘lga olgan va noqonuniy mablag‘larni musodara qilgandi.

Bu tashkilotlarning banklardagi hisoblari muzlatib qo‘yilgan.

Bu tekshirishlar Bahrayn hukumati tomonidan Forz ko‘rfazidagi eng yirik diniy partiya bo‘lgan "Al-Vifoq"ning yopilishi ortidan boshlandi.

Bahrayn hukumati tomonidan bildirilishicha, bu tashkilotlarning barchasi Eron tomonidan moliyalashtiriladi va mamlakat hududida sunniylar hamda shialar o‘rtasida nizolar keltirib chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Ma'lumot uchun, Bahrayn qirolligi oilasi sunniy mazhabida.