O‘zbekiston | 12:47 / 24.06.2016
25839
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari 2013 yildan buyon ilk marta muzokara o‘tkazishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 iyun kuni Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashuv o‘tkazdi

Prezidentimiz Islom Karimov bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev uchrashuvida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. 

O‘zbekiston mintaqada tinchlik, barqarorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelmoqda. O‘z tashqi siyosat konsepsiyasiga muvofiq barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirmoqda. 

O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li bunga yaqqol misoldir. Ushbu zamonaviy transport yo‘lagi mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikning yanada kengayishida muhim ahamiyat kasb etadi. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalariga e'tibor qaratildi. 

Almazbek Atamboyev samimiy uchrashuv uchun davlatimiz rahbari Islom Karimovga minnatdorlik bildirib, Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini qayd etdi. 

Qayd etish kerakki, bu ikki siyosatchi o‘rtasida bundan avval oxirgi marta 2013 yilning sentabrida Bishkek shahrida o‘tkazilgan ShHT sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilgandi.