Fan-texnika | 11:51 / 02.08.2016
15016
2 daqiqa o‘qiladi

Pokemon GO o‘yini bilan ovora bo‘lgan amerikalik er-xotin o‘g‘lini esdan chiqardi

Pinal okrugi sherifi bolani xavfli holatda qarovsiz qoldirganlikda ayblab, ota-onani qamoqqa oldi. 

Amerikaning Arizona shtati politsiyasi er-xotin Brent va Briyenn Deylilarni qo‘lga oldi. Ular, Pokemon GO o‘yiniga shunchalik berilib ketganidan 2 yoshli o‘g‘illarini ko‘chada qarovsiz qoldirgan. BuzzFeed portalining xabar qilishicha, go‘dak bir necha soat 35 darajali jaziramada qolib ketgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, uyning chimli maydoni yaqinida yig‘lab turgan bolani qo‘shnilar ko‘rib qolib, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishgan. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari, bolani birgina futbolka va taglik bilan topishgan. Uning o‘zi "chirkin, yuzlari qizargan va terga botgan" bo‘lgan.

Huquq posbonlari bolaning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilishganda, Brent "farqi yo‘q" deya telefonni o‘chirib qo‘ygan. Bir soatlardan keyin uyiga qaytib kelishgach, politsiyani ko‘rgan Deylilar bolani uxlatib, mashinaga gaz to‘ldirish uchun ketishganini aytishgan. Biroq, keyinroq oydinlashicha, ular shu atrofda pokemonlarni ovlash bilan ovora bo‘lishgan. 

Shundan so‘ng, okrug sherifi ularni hibsga olib, bolani davlat qaramog‘iga topshirgan.

Mavzuga oid