Jahon | 17:47 / 04.08.2016
9897
2 daqiqa o‘qiladi

Akie Abe yapon askarlari dafn etilgan Toshkentdagi xotira majmuasini ziyorat qildi (video)

Mamlakatimizga madaniy-gumanitar sohada o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida tashrif buyurgan Yaponiya bosh vazirining rafiqasi Akie Abe va kunchiqar o‘lkaning madaniyat va san'at xodimlari tashrif buyurishdi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari bugun 4 avgust kuni o‘tkazilmoqda. Yapon delegatsiyasi Yakkasaroy qabristoni hududidagi yapon askarlari dafn etilgan xotira majmuini ziyorat qildi. Yaponiyaning birinchi raqamli xonimi memorial doskaga guldasta qo‘ydi. Akie Abe bu joyga qilgan ziyorati birinchisi emasligini ta'kidladi. 2015 yilda Yaponiya bosh vazirining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida yuksak martabali mehmonlar shu qabristonni ziyorat qilishgan. Akie Abe Yaponiya fuqarolari xotirasiga hurmat bajo keltirayotganliklari uchun O‘zbekiston xalqiga minnatdorchilik bildirdi. 

Shuni ta'kidlash joizki, bizning mamlakatimizda yapon fuqarolari dafn etilgan 13 joy bor. Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin O‘zbekiston hududiga Uzoq Sharq va Sibirdan jami 25 ming yapon fuqarosi deportatsiya qilingan. 

Shuningdek mehmonlar tashrif doirasida O‘zbekistonning Amaliy san'at muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrida bo‘lib o‘tadigan jahonga mashhur "Dram Tao" yapon guruhining konsertiga tashrif buyurishadi. 

Mavzuga oid