Jamiyat | 21:35 / 25.08.2016
11705
16 daqiqa o‘qiladi

Hujjatdagi xato - u bizni qachongacha ta'qib qiladi?

Gazetaning navbatdagi soni chiqqan kuni tahririyatga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bir maqola uchun intervyu bergan mutaxassis muallif bilan gaplashmoqchiligini aytdi.  Hamkasbim go‘shakni oldi, suhbatdoshi  baland ovozda noroziligini ayta boshlaganida bizlar ham beixtiyor mojarodan xabardor bo‘ldik: “Mening familiyam Ibragimova! Ibrohimova emas! Familiyamni o‘zgartirib yozishga nima haqqingiz bor?!”...

Ibragimovami yoki Ibrohimova?
Xo‘sh, bu bahsda kim haq? Kim xato qildi? Familiyani imlo qoidalariga asoslanib yozgan jurnalistmi yoki hujjat bilan aynanlikni talab qilayotgan qahramonmi? 

Gazeta hayot ko‘zgusi sanaladi.  U nafaqat hayotda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar haqida xabar beradi, balki u orqali o‘quvchilar ongiga ta'sir ko‘rsatadi. Shu bois, gazeta uchun nimani yoritish bilan birga, qanday yoritish masalasi ham juda muhim. U keng omma auditoriyasiga mo‘ljallangan ekan,  hamma tushunadigan  tilda, to‘g‘ri va aniqlikka asoslanishi kerak. Bu faqat gazeta ilmining talabi emas, o‘quvchining ham talabidir. Ayniqsa, imlo  masalasida gazeta doim namuna vazifasini o‘tab kelgan. Biror so‘zning imlosi haqida bahs ketganida, “Gazetadan tekshirib ko‘rish kerak” yoki “Gazetada bunday yozilibdi, demak shu to‘g‘ri ekan” degan qarashning mavjudligi bor gap. Shunday ekan, yuqoridagi holatda familiyani hujjatdagiday berish xatoni qonuniylashtirish emasmi? Biroq qahramonimizni ham aybdorga chiqarib bo‘lmaydi. Axir, hujjatda uning familiyasi “Ibragimova” bo‘lsa nima qilsin? Balki u shu nom bilan hamkasblari, el-yurt orasida tanilgandir, dabdurustdan gazetada “Ibrohimova” bo‘lib qolishni istamas...

Afsuski, hujjat va imloning mos tushmasligi hamda shu bilan bog‘liq muammolarga nafaqat tahririyat ishida, balki kundalik hayotda ham tez-tez sodir bo‘ladi. Bu muammo jamiyatda qachon paydo bo‘ldi? Taassufki, kecha emas. Qarangki, ushbu masalaning ilk marta milliy matbuotimizda yoritilganiga 100 yil bo‘libdi! Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnali 1914 yil 18-sonida chop etilgan “Jaholat dardlaridan”  sarlavhali maqolasi aynan shu mavzuga bag‘ishlangan edi. Muallif “Absamat”, “Obduraxmon”, “Nutfullo” (Lutfullo), “Jodugor” (Yodgor), “Patxulla”larning ismlari “hujjatlar va hukumat mahkamalarida ham shul g‘alat va masharalik holatda” yozilishi haqida achinish bilan hikoya qilib, o‘sha davrdayoq bu muammoni hal etishga chaqirgan edi. 

Maqoladan olingan ushbu parcha, ayniqsa e'tiborga molik, go‘yo Behbudiy o‘tgan asr emas, bugun haqida yozganday: “Ajab shulki, idorada g‘alat yozilib kelgan ismlarni to‘g‘ri yozib yuborilsa, egalari rozi bo‘lmaydur”... Bir asr o‘tibdiyu,  xatoga “sadoqat” hissi o‘zgarmabdi. Yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, odamlarimizni  ism-shariflarining to‘g‘ri-noto‘g‘ri yozilgani emas, hujjatdagisi bilan aynan berilishi ko‘proq qiziqtirmoqda. Imlo qoidalariga amal qilgan jurnalist respondentdan ta'na eshitgani kabi, boshqa holatlarda ham xato yozilgan ism yoki familiya egasini hujjatga “xiyonat” qilishga ko‘ndirish qiyin. Shunday ekan, xato ta'qib qilmoqdami yoki ta'qib qilinmoqdami?
O‘lmas ul emasmi?

Zikr etilgan maqolada Behbudiy o‘rtaga qo‘yadigan savol bugun uchun ham dolzarb: “Ismimizni bilmaymiz! Nega?”. O‘shanda muallif shunday javob topgandi: “Bizga o‘rgatmabdurlar”. Biz-chi? Shunday deya olamizmi? Behbudiy hikoya qilayotgan davrda til qoidalari hatto yaratilmagan edi. Mana, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 25 yil bo‘ldi. Izohli lug‘atlar, imlo qoidalari jild-jild kitoblar holida bosib chiqarildi. Xo‘sh, “o‘rgatmabdurlar” deyishga haqlimizmi? 

Avvallari xatolar davlat mahkamalarida asosan rus millatiga mansub kishilarning ishlashi bilan izohlanar edi. Bu muammo ma'lum ma'noda bartaraf etildi ham, biroq xatolardan hanuz qutilmadik. Ayniqsa, “h” va “x” xarflari qatnashgan ism-familiyalarning to‘g‘ri yozilganidan noto‘g‘risi ko‘p. Qolaversa, shunday ismlar ham borki, ularning asl imlosi allaqachon unutilib ketganday: “Bobir”, “Mashkura”, “Begzod”, “Timur”, “Nemat”...   

Ism noto‘g‘ri yozildimi, demak qachondir undan hosil bo‘ladigan familiya ham xato bilan yoziladi. “Radjabov”, “Saparov”, “Kasimov”, “Yuldashev”, “Alimov”, “Sadikov” kabi familiyalarning kelib chiqish tarixi xam shu bilan bog‘liq. Afsus, ular avloddan avlodga o‘tib kelmoqda va ularning yangi egalari ham bu familiyalarni xatosi bilan birga qabul qilishmoqda. Hech kim bu xatolarga qarshi bosh ko‘tarishga jur'at qilolmayotganday! Mana, masalan, ko‘p uchraydigan familiyalardan biri – “Artikov”. Nahot hech kimda savol tug‘ilmasa: “Artik degan ism bormi?”.  Yoki ko‘p tarqalgan familiyalardan yana biri: “Babadjanov”. Nahot familiya egalari bir so‘zdagi naq to‘rtta xatoga ko‘z yumsa! 
Xatolar shunchaki imlo bilan bog‘liq bo‘lsa mayli, biroq ba'zida ular lug‘aviy ma'noga ham ta'sir qilishi mumkin. Mavzuni o‘rganish mobaynida bu kabi holatlarga duch keldik. Chirchiqlik shifokor O‘lmas Safarovning aytishicha, pasportida ismi “Ulmas” deb yozilgan. “Ul” esa tilimizda yigit, erkak kishi degan ma'nolarni bildiradi... Qibraylik Dilobar To‘xtaoxunovaning ismi esa hujjatga ko‘ra – “Dilbara”. Bunday ism esa umuman mavjud ham emas. Poytaxtlik Boymurodovlar oilasi a'zolari misolida ham qiziq holatni kuzatish mumkin. Ota – Baymuratov, farzand – Boymuratov, nabira – Boymurotov... Achinarlisi, uch variantning hech biri to‘g‘ri yozilgan emas. Ha, qahramonlarimizning ko‘pi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni sobiq sho‘rolar davrida olgan. Biroq bu davr intihosini topganiga 24 yil to‘ldi-ku! Qachongacha xatoni tamg‘aday ko‘tarib yurish mumkin? 

– Pasportimda ismim ham, familiyam ham xato  yozilgan, – deydi poytaxtlik tadbirkor Farruh Najmiddinov (1976 yil tug‘ilgan). –    Bir emas, bir nechta xato bilan “Farux Natjmitdinov” deyilgan. Rasmiy hujjatlarni to‘ldirgandan pasportdagi yozuvni aynan keltirishga to‘g‘ri keladi,  shunda o‘z ism-sharifimni xato bilan yozishga uyalaman. Aslida  uni to‘g‘irlab takroran pasport olish haqida ham o‘ylaganman. Biroq bu keyinchalik rasmiy hujjatlar bilan ishlayotganda qiyinchilik tug‘diradi, degan xayolda bu qarordan voz kechganman.
Bu kabi fikrlarni yana ko‘pchilikdan eshitdik. Ayniqsa, biror ko‘chmas mulkka egalik qilganlar yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanadiganlar ism-familiyadagi bittagina harfni ham o‘zgartirishga cho‘chisharkan. Aytishlaricha, bir hujjatda ismni to‘g‘irlash boshqa hujjatlarga ham o‘zgartirish kiritishni taqazo qiladi.   

–  Ism-sharifdagi imloviy xatoni to‘g‘irlash qiyinchilik tug‘dirmaydi, – deydi Chilonzor tumani 1-notarial idora xodimi Vasila Karimova. – Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va pasportning takroran berilishini so‘rab tegishli idoralarga ariza yoziladi. Ism-familiya o‘zgartirilgandan keyingi yuritiladigan hujjatlarga esa shaxsni tasdiqlovchi hujjatning dastlabkisi va o‘zgartirilgani, shuningdek, o‘zgartirish sababi qayd etilgan ma'lumotnoma ilova qilinadi.

“So‘zda aytish oson-da”, – dersiz hoynahoy. Axir rasmiy hujjatlar haqida gap ketganida odamlarimiz ko‘z o‘ngiga idorama-idora yurish, sarsongarchilik, eshiklar oldida soatlab navbat poylash kabilar keladi.  Qolaversa, bu yerda gap hujjat olish emas, borini to‘g‘irlash haqida ketganidan keyin, “shunisi ham bo‘laveradi” deydiganlar topiladi... 
Xato ham merosdir...

Ism-shariflarning avvallari xato yozilgani-ku mayli, bugun bu muammoning mavjudligini qanday izohlash mumkin? Hazrat Navoiy timsolida butun Sharq olamini tilga e'tiborli bo‘lishga undagan millatning vakili ism-sharifini xato yozsa, buni qanday oqlab bo‘ladi? Nima uchun bu hanuzgacha muammoligicha qolmoqda?

Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida, tug‘ilganlik guvohnomalarini yozish tartibi bilan qiziqdik.  Xususan, Toshkent shahar Shayxontohur tumani FHDYo bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. 

–  Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun kelgan ota yoki boshqa vasiy shaxs chaqaloqqa qo‘yiladigan ismni arizada yozma ravishda taqdim qiladi, – deydi Shayxontohur tumani FHDYo bo‘limi 1-toifali inspektori Kamola Sodiqova. – Biz uni imlo lug‘atlaridan tekshiramiz. Agar xatolik bo‘lsa, to‘g‘ri variantni ko‘rsatib, tushuntirish ishlarini olib boramiz. Ishimizda doim lug‘atga tayanamiz.
Chindan, ish stoli ustida imlo lug‘ati va Ernst Begmatov tahriri ostida chop etilgan ismlar kitobini ko‘rdik. Xo‘sh, lug‘atlardan foydalanishsa, xatolar nima uchun kamaymayapti? Bu masalaga butkul aniqlik kiritish maqsadida FHDYo arxivini o‘rganganda, qiziq faktlarga duch keldik. Bo‘lim xodimlarining bergan ma'lumotlariga qaraganda, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga bolaning familiyasi ota-onasining pasportidan (agar boshqa familiya berilmasa) ko‘chiriladi. Mustabid tizimi davrida yozilgan hujjatlardagi xatoliklar haqida yuqorida gapirdik. Bugunda FHDYo bo‘limlarida ota familiyasidagi xato farzandining hujjatiga  to‘g‘irlab yozilishi tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq qonunchilikka asosan, faqat ota-ona roziligi bilangina bunday o‘zgartirish kiritilishi mumkin. Achinarlisi, olgan ma'lumotlarimizga qaraganda, ko‘pchilik familiyadagi xatoning tuzatilishini istamaydi. “Xato bo‘lsa ham, familiyamiz bir xil bo‘la qolsin!” deyishganda, FHDYo xodimining familiyani xato bilan yozishdan boshqa iloji qolmaydi. Mayli, bir xil bo‘lsin, lekin xato otadan bolaga “meros” bo‘lishi to‘g‘rimi? 

Arxivni o‘rganish jarayonida yana bir qiziq jihatga duch keldik. Ma'lumki, qonunchilikka asosan, bolaga ism qo‘yish ota-onaning huquqidir. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ham ism ota-ona qanday xohlasa, shunday yoziladi. Aytaylik, ismning xato bilan yozilishini talab qilish ham ota-onaning huquqidir. FHDYo arxividagi hujjatlarni o‘rganish jarayonida buning ko‘plab misollariga duch keldik. Xususan, Sobirov Husniddin qizi Xadichaning ismini, FHDYo xodimlari bergan tushuntirishlarga qaramasdan,  “H” harfi bilan yozilishini talab qilgan. Xususan, arizada shunday deyilgan:  “Imlosi bilan tanishdim. Xato bo‘lishiga qaramasdan, “Xadicha” deb yozilishini istayman”.  Buni qanday izohlash mumkin? Bu ongli ravishda savodsizlikka intilish emasmi? Afsuski, bu kabi misollarga ko‘plab duch keldik, “Bobir”, “Rano”, “Timur”, “Kamila”, “Djasmina”larning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi ota-onalarining o‘z xohishiga ko‘ra ana shunday xato yozilganini bilib yana savollar domida qoldik. Sug‘diyonani “Sagdiana” yo  Ibrohimni “Ibragim” deyish G‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishday gap. Samir, Rumeysa, Simran, Zinnura, Hyuram, Indira... Bu kabi yangicha ismlarni qo‘yish urfga kirdi. Yaqin yillarda esa sport ishqibozlari o‘zining sevimli yulduzlarining ismlarini farzandiga qo‘yadigan bo‘lishdi: o‘zbek bolasiga Zinedin, Ronaldo, Messi ismlari bilan chaqiriladigan bo‘ldi. Bular boshqa-boshqa mavzulardir balki, lekin ularni tutashtiradigan savol bir: ism qo‘yish mas'uliyatini qachon his qilamiz?             

Qay biriga tayanish kerak: hujjatmi yoki lug‘at?  

Xatoni hujjat bilan bog‘ladik, hatto ko‘pchilikning oriqcha qog‘ozbozlikni xushlamagani uchun uni tuzatmasligini bildik. Hujjatlardan tashqarida o‘z ismimizni to‘g‘ri yozamizmi? “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbekistonlik foydalanuvchilar soni 100 mingga yaqindir. E'tiborga molik jihati, ularning aksariyati ism-sharifini profiliga xato(lar) bilan yozgan. Hatto katta yoshli, ayrim hollarda oliy ma'lumotli kishilar ham ismlarini xato bilan yozishganini ko‘rish mumkin. Demak, chindan, Behbudiy yozganidek, “Ismimizni bilmaymiz”... 
 Maqolaning muqaddimasidagi mavzuga qaytmay iloj yo‘q. Zero, gazetalarimizda ham ism-shariflarning xatolar bilan yozilishiga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Tahririyatlar buni hujjat bilan aynanlikni ta'minlashga intilgani bilan izohlashadi. Ayniqsa, chet mualliflar yoki intervyu bergan respondentlar ism-familiyalari o‘zgartirib yozilganda, norozilik bildirish mumkin. Xo‘sh, aslida bu kabi holatlarda tahririyat qanday yo‘l tutishi kerak? Xatoni tuzatish kerakmi yoki gazeta orqali qonuniylashtirishmi?...

...Kuni kecha ustoz-jurnalistlarimiz davrasida gap vatanparvarlik haqida ketdi. Taniqli ijodkor Mahmud Sa'diy shunday dedi: “Vatanparvarlik balandparvoz gaplar, g‘urur yoki yutuqlarni olqishlash emas!”. Ustozning so‘zlaridan ta'sirlanib ketdim. Vatanparvarlik asli nima? U nimadan boshlanadi? O‘ylanib qoldim: millat ravnaqi yo‘lida kichik bir xatoni tuzatish ham vatanparvarlik emasmi? Qolaversa, vatanparvarlik o‘zlikni anglashdan boshlanadi. O‘zliging esa avvalambor, ota-onang bergan noming, ismingdir...          

Mohlaroyim QAYuMOVA

Mavzuga oid