O‘zbekiston | 09:34 / 07.09.2016
113351
7 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi umrini boshlagan Prezident

Inson xotirasi aziz va muqaddasligining e'tirofi iymondandir. O‘z umrini xalqiga baxshida etgan insonlarning oramizdan ketishi elu yurtning chuqur qayg‘usiga, kulfatiga  bois bo‘lishi aniq. Bir necha kundirki, qayg‘u alamdan xalqimiz hali o‘ziga kelganicha yo‘q. Millat otasi Islom Karimovning vafoti munosabati bilan o‘tkazilayotgan xotira darslarida ham ana shu fikrlar e'tirof etilmoqda. Ulug‘ insonning o‘zlari ketsa ham so‘zlari xalqni boshqaraveradi. Bu hikmat bejiz emas. El taqdirida buyuk va suyuk bo‘lgan insonlar ikkinchi umrni yashay boshlashadi. Ular jisman oramizda bo‘lmasalarda, ruhan barhayot. Sizga kuch va ruh baxsh etib turishadi. Sharofatli insonlarning hayotligigina emas, hatto o‘limi ham birlashtiradi. Bir – birovi bilan uncha munosabati yaxshi bo‘lmagan insonlar ham o‘lim dahshat va vahshatini, ulug‘lar yodini eslab o‘zaro yovqarash qilishmay qo‘yishdi. Bir qo‘shnim bor edi. Diydasi qattiq, doim qovoqlarini solib yurardi. Prezidentimiz dafn etiladigan kuni saharmardondan barcha qatori vidolashuvga chiqdi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi. Qaytayotganimizda unga yuzlandim. “So‘raganning aybi yo‘q yaqinda o‘z otangiz dunyodan o‘tgandi. Janoza namozida ham qabr tepasida ham sizga nazar tashlagandim, ko‘zingizda bir tomchi yosh ham ko‘rmagandim. Bugun ko‘zingiz yoshdan qizarib ketgan” - dedim. U yelka qisdida “Bilmadim” – deb qo‘ydi. 

Quyosh botish uchun chiqadi, odamzot o‘lish uchun tug‘iladi. Ma'lum haqiqat bu. Lekin hammamiz uchun mash'um va ma'lum ko‘rgilik - o‘lim elu yurtning mehrini qozongan, elparvar inson bilan bog‘lansa, uning dahshati yeru ko‘kni larzaga solgandek bo‘ladi. Bir necha kundirki, O‘zbekiston fuqarolari eng yaqini, o‘z jigaridan ayrilgandek talmovsirab, garangsib qoldi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti O‘zbekistonning birinchi poytaxti Samarqandga dafn etildi. O‘z yurtini ozod va obod qilgan yurtboshimizning oxiratlari obod bo‘lsin! O‘zbekiston Respublikasi Ma'naviyat targ‘ibot markazi tashabbusi bilan kamina tomonidan o‘qilgan Davlat mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan audiodisk qo‘limda turibdi. Unda Prezidentning salkam 25 yil mobaynida turli uchrashuv va har xil soha vakillari bilan muloqotlarida bildirgan hikmatli so‘z va iboralari, shuningdek, zamondosh shoirlarimizning vatanparvarlik ruhidagi she'rlari o‘rin olgan. Audiodisk prezidentimizning o‘z iboralariga monand "Vatan va xalq mangu qoladi" deb nomlangan. Shuningdek, audio jamlanmada Abdulla Oripov, Omon Matjon, Erkin Vohidov, Jumaniyoz Jabborov, Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toyir, Normurod Narzullayev, Anvar Obidjon, Ikrom Otamurod, Salim Ashur, Azim Suyun, Aziz Said, Minhojiddin Mirzo, Mirzo Kenjabek, Muhammad Yusuf, Muhammad Ismoil, Nasriddin Botirov, Qo‘chqor Norqobil, Qutlibeka Rahimboyeva, Sherali Vahob, Rustam Musurmon, Sultonmurod olim, Sulton Mirzo, Jumaboy Matyoqubov, Tursun Ali, Zulfiya Mo‘minova kabi ijodkorlarning vatanparvarlik ruhidagi she'rlari o‘rin olgan.

Xalqimiz millat otasini shu darajada yaxshi ko‘rganligini uch kun mobaynidagi xomushlik, g‘amginlik holatidan ham his etish qiyin emas. Ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin. G‘ariqi rahmat, shoyistai jannat ato etilgan bo‘lsin. Negadir qulog‘im ostida davlatimiz rahbarining "Mustaqillikni qo‘ldan boy bermang, birdam va bardam bo‘ling, tinch va ahil bo‘linglar" - degan nidolari jaranglagandek bo‘laveradi. Bu osoyishtalik garovidir. Mana, prezidentimiz iltijosi, qalb sadosi, so‘nggi nidolari. Alvido, millat otasi. 

Qadrdon do‘stim, olim va shoir Sulton Mirzo Prezidentimiz Islom Karimovning  vafoti munosabati bilan bir marsiya yozganlar shuni e'tiboringizga havola qilmoqdaman.

Elni obod aylab lekin, bizni tashlab ketdingiz,
Bu kunlarga qancha zaxmat birla zo‘rg‘a yetdingiz, 
Buyuk ishlar qilib Yurtda afsus, tashlab ketdingiz,
Ulug‘ xalqning bemahal ko‘zin yoshlab ketdingiz,
Yurtimizni saodatga – nurga boshlab ketdingiz!

Yusuf Hamadoniy qabri Xorazmda arjumand,
G‘ijduvoniy birla yana Bahovuddin Naqshband,
Motirudiy, Al-Buxoriy birla obod Samarqand,
Temur nomi ellarning qalblarini etdi band,
Pirlar qabrin obod aylab, nurfoshlab ketdingiz!

Yurtim bo‘ylab buzruklar qabri obod aylanib,
Masjid qurib yangidan ruhlari shod aylanib, 
Tahqirlangan nomlari sarvi ozod aylanib, 
Sho‘rolar mafkurasi kull barbod aylanib,
Tenglar ichra teng  qilib yo‘lga boshlab ketdingiz!

Noz-ne'matga to‘ldi bugun xonadonu bozorlari,
Unut bo‘ldi un topolmay chekkan na bir – ozorlarim,
Pirlar demish: “Rahmat Sizga bugun obod mozorlarim!”
Shaharlarni jannat etmish yashnab turgan gulzorlarim,
Islom ota, shu jannatni nega tashlab ketdingiz?

Sizni eslab yangramoqda hazin-mungli navolar,
Ko‘k yuzini bulut qoplab qaro bo‘ldi havolar,
Yig‘layurlar ko‘z yosh to‘kib keksa chollar, momolar,
Nidolarga to‘ldi yana yurtim uzra samolar,
Islom ota, nechun bizni bunda tashlab ketdingiz?

Ishingizni Siz sevgan yoshlar davom aylagay,
Yurtimizga bosh bo‘lur yoshlar davom aylagay,
Chempion shu o‘g‘lonlar yo‘lda davom aylagay,
O‘zbegimning hur nomi ming yil davom aylagay,
Ruhlaringiz shod bo‘lsin, Siz maqsadga yetdingiz!

Motam tutib ushbu kun necha ellar yig‘lag‘ay,
Tilovatlar qilib necha g‘amli dillar yig‘lag‘ay,
Qabring uzra egilgan qaro gullar yig‘lag‘ay,
Mirzo kabi necha bir ahli dillar yig‘lag‘ay,
Islom ota, ne uchun Siz elni tashlab ketdingiz?

Mavzuga oid