Jahon | 12:28 / 11.09.2016
61230
4 daqiqa o‘qiladi

11 sentabr fojiasi: 15 yil o‘tib (Fotogalereya)

AQSh yana 11 sentabr voqealarini eslamoqda. Bugun 3 mingga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan fojiali teraktni butun dunyo yodga olmoqda. AQSh va dunyo tarixida misli ko‘rilmagan terror yuz berganiga 15 yil to‘ldi.

2001 yilning 11 sentabrida Nyu-Yorkda Boeing 767 rusumli 2ta yo‘lovchi samolyoti Jahon savdo markazining 110 qavatli egizak binolariga kelib urildi, uchinchi samolyot — Boeing 757 Vashingtondagi AQSh mudofaa vazirligi binosiga qulab tushdi, to‘rtinchi samolyot esa (u ham Boeing 757) Pitsburg shahridan 80 mil nariga quladi. Samolyotlar American Airlines va United Airlines aviakompaniyalariga tegishli bo‘lgan va xudkush terrorchilar tomonidan o‘g‘irlangan.

Teraktlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 ming nafarga yaqinni (2 ming 977 kishi) tashkil qildi. Ularning 246 nafari samolyot yo‘lovchilari edi. Jahon savdo markazida 2 ming 606 kishi, Pentagonga hujum oqibatida  125 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning 72 nafari politsiya va huquq-tartibot idoralarining xodimlari, 343 nafari o‘t o‘chiruvchi, 55 nafari harbiy xizmatchi edi. Qurbonlar orasida  90ta mamlakat fuqarolari bor edi.

Bu teraktlar Misr, Saudiya Arabistoni, BAA va Livan fuqarolari bo‘lgan 19 terrorchi tomonidan sodir etilgan. Ular «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotiga aloqador bo‘lib, AQShda qonuniy ravishda yashagan, ularning ba'zilari esa Amerika uchuvchilik maktablarida o‘qigan.

Nyu-Yorkka yetkazilgan zarar 36 milliard dollarga yaqin bo‘ldi, Jahon savdo tashkiloti minoralari joylashgan hududni tozalash ishlari 8 oydan ortiq vaqt davom etdi.

Pentagonning vayron bo‘lgan g‘arbiy qanoti 2002 yil sentabriga kelib qayta tiklandi.

2004 yilning iyulida, fojiadan 442 kun o‘tgach, mustaqil tadqiqot komissiyasi 600 sahifalik hisobotni taqdim qildi. Unda hukumat immigratsion siyosatda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygani jiddiy teraktlarga sabab bo‘lgani qayd etildi.

Har yili 11 sentabr AQShda vatanparvarlar va Ibodat kuni sifatida nishonlanadi. Mamlakatning barcha hududlarida xotira marosimlari o‘tkaziladi. Butun mamlakat bo‘ylab mahalliy hukumat, universitet, maktab, jamoatchilik uyushmalari tomonidan tashkil qilingan xotirlash marosimlari, motam tadbirlari va xotira konsertlari bo‘lib o‘tadi. Federal binolarning barchasida shu kuni davlat bayroqlari tushiriladi.

2001 yilning oktabrda AQSh va Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari boshlandi, bundan maqsad - «Al-Qoida» bazalarini yo‘q qilish va tashkilot boshlig‘i Usama bin Lodinni qidirib topishdan iborat edi. «Birinchi raqamli xalqaro terrorchi» 2011 yilning 2 mayiga kelib, Pokistonning Abbotobod shahrida amerikalik harbiylar tomonidan yo‘q qilindi.

2002 yil 10 aprelda 1999 yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan, 11 sentabr voqealaridan keyin joriy qilinishi zaruratga aylangan "Terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash haqidagi" xalqaro konvensiya kuchga kirdi.

11 sentabr voqealari jahonda terrorizmga qarshi kurash zarurligini kun tartibiga chiqardi. Buning natijasi o‘laroq terrorizmga qarshi kurash koalitsiyasi tashkil etildi. 11 sentabr nafaqat amerikaliklarning, balki butun dunyoning vaziyatini tubdan o‘zgartirib yubordi. O‘sha yilning dekabridan boshlab Yevropa Ittifoqi har yili terror tashkilotlarining ro‘yxatini e'lon qila boshladi. 11 sentabr voqealaridan so‘ng jahon ahli hatto, AQShdek qudratli mamlakat ham o‘z xavfsizligini yakka o‘zi ta'minlay olmasligini, terrorizmga qarshi birgalikda kurashish zarurligini anglab yetdi.

Mavzuga oid