Fan-texnika | 17:38 / 14.09.2016
7703
2 daqiqa o‘qiladi

"Vikipediya" asoschisi o‘rta maktablar taqdiri xususida fikr bildirdi

Zamonaviy, an'anaviy ta'lim tizimi insonlarning sifatli bilim olishlariga imkon beruvchi talablarga javob berishi kerak. "Vikipediya" asoschisi Jimmi Ueyls EdCrunch 2016 anjumanida shunday fikrni bildirgan.

— Maktablar o‘quvchilarning life-long learning (umrbo‘yi yoki uzluksiz ta'lim olish) deb ataluvchi ta'lim olish jarayoniga ega bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qilishi lozim. Masalan, 18 yoshli, o‘rtacha savodli fuqaro hayotida mustaqil o‘rganishni xohlaydi. Shu boisdan ham, uni yoshligidan o‘qishga, tadqiqotlar olib borishga, axborot sifatini baholashga o‘rgatish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, turli xil, bir-biriga zid axborotlar dunyosida to‘g‘ri ma'lumotni ajrata olish juda muhimdir, — degan Ueyls.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarni noodatiy ta'lim bilan almashtirib bo‘lmaydi.  "Kimdir maktablar o‘rnini ko‘plab onlayn kurslar egallaydi, degan fikrda. Biroq, men bu foyda beradi, deb o‘ylamayman. Kishini yo‘naltirish, uning xatosini topib, ularni tuzatishga ko‘maklashish avvalboshdan muhimdir. Bularni onlayn darslar taklif eta olmaydi", — deb e'tirof etgan. 

Biroq, uning fikricha, zamonaviy texnologiyalar vositasida tezroq ta'lim olishga imkon beradi. "Agar, masalan, siz til o‘rganayotgan bo‘lsangiz, raqamli texnologiyalardan foydalanmaslik aqlsizlik bo‘lur edi. Bu ta'lim jarayonining uzviy qismidir. Albatta, buni ham onlayn tarzda amalga oshirish mumkin, biroq odamlar bilan bevosita muloqotda bo‘lish yaxshiroq", — degan "Vikipediya" asoschisi.

Mavzuga oid