O‘zbekiston | 11:09 / 20.09.2016
7859
3 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun hujjatlar taqdim qildi

Shu yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qonun hujjatlari hamda Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
 
Xususan, siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli tartibda murojaat qilishmoqda.
 
Shu yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakillari Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiyalar rahbarlari tomonidan imzolangan arizalari, Adliya vazirligining siyosiy partiyalar ro‘yxatga olinganligi ko‘rsatilgan ma'lumotnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarini taqdim etdilar.
 
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasida Komissiya a'zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining muhim belgisi, xalqning xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shakli hisoblanishi ta'kidlandi.
 
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida murojaat qilib, tegishli hujjatlarni taqdim etdi.
 
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma'lumotnomalarni berdi.
 
- Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari K.Adilov. – Amaldagi qonunchilikka muvofiq saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab markaziy matbuotda e'lon qilinadi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini
yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

Mavzuga oid