O‘zbekiston | 10:38 / 20.09.2016
7593
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “ICTWEEK Uzbekistan – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi

Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida davlat hokimiyati organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish uchun institutsional asoslar yaratildi, idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, aholi davlat hokimiyati organlari faoliyatiga oid axborotdan keng foydalanmoqda. Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi ushbu sohani yanada takomillashtirishga xizmat qilayotir. 

2004 yildan buyon an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “ICTWEEK Uzbekistan” haftaligi mutaxassislar va axborot texnologiyalaridan foydalanuvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Tadbir doirasida 20 sentabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sammiti o‘tkaziladi. Unda hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va mustahkamlash, sohadagi yutuq va muammolarni muhokama qilish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashish maqsadida O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ishtirok etadi. 

21-23 sentabr kunlari Toshkent va Namangan shaharlarida an'anaviy “ICTExpo – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda axborot xizmatlari bozorida taqdim etilayotgan eng zamonaviy tizim va texnologiyalar namoyish etiladi. Mamlakatimiz kompaniyalari yuqori texnologiyali mahsulotlar, xususan, dasturiy ta'minot, kompyuter texnikasi, mobil aloqa va ma'lumotlar uzatish xizmatlarini taqdim etadi. Shuningdek, ishtirokchilar “elektron hukumat” bo‘yicha amalga oshirilgan loyiha va texnologiyalarning eng yaxshi namunalarini ham namoyish qiladi. Mazkur ekspozitsiya yagona davlat ma'lumotlar bazasini yaratish va aholiga interfaol xizmatlar ko‘rsatishga doir samarali yechimlarni taklif etish imkonini beradi. 

Haftalikning muhim voqealaridan biri bo‘lgan “ICT Forum – 2016”da axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasini yanada rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari muhokama etiladi. Joriy yilda mazkur forumda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yetakchi kompaniyalar vakillari, ekspertlar va xorijiy mutaxassislar – jami 800 dan ziyod kishi ishtirok etadi. Unda mavzuga oid sakkiz yo‘nalishda yuzdan ortiq ma'ruza taqdim etiladi. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida talaba va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “BestSoft Challenge – 2016” dasturchilar tanlovi g‘oliblari ham taqdirlanadi. Yoshlar ijod saroyida esa “Intellect2All” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tadi. Dasturchi, dizayner va menejyerlar zamonaviy bozor uchun dolzarb bo‘lgan veb-loyiha va mobil ilovalar ustida real vaqt rejimida ish olib boradi. Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va poytaxtimiz jamoalari tanlovning 30 million so‘mlik mukofot jamg‘armasiga sazovor bo‘lish uchun o‘zaro bahslashadi. 

Shuningdek, axborot xavfsizligi bo‘yicha O‘zbekistonda dastlabki “Cyber Security Challenge Uzbekitan” musobaqasi ham bo‘lib o‘tadi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 97 nafar final ishtirokchisi steganografiya, kriptografiya, veb-bog‘lanish va dasturiy ta'minot bilan bog‘liq murakkab texnik vazifalarni bajaradi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalarga nafaqat laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish, balki ilmiy ishlarni bajarish imkonini beradigan Huawei kompaniyasi laboratoriyasining ochilish marosimi o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid