Sport | 10:31 / 08.10.2016
4846
2 daqiqa o‘qiladi

Tsyurixda birinchi bionik Olimpiada bo‘lib o‘tadi

Foto: AP

Bugun, 8 oktabrda Shveytsariyaning Tsyurix shahrida birinchi bionik Olimpiada boshlanadi. 

Bionik Olimpiada – kibatlon tarixda birinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu musobaqa yuqori texnologik yordamchi qurilmalardan foydalanuvchi nogiron odamlar uchun mo‘ljallangan xalqaro musobaqadir. 25 ta davlatdan 74 sportchi nogironlarga to‘laqonli turmush tarzi kechirishda yordam beruvchi bionik protezlar va kibernetik qurilmalarni boshqarish malakalarini ko‘rsatish uchun Tsyurixga keldilar. Hammasi bo‘lib  ekzoskeletlar, neyrokontrollyorlar, qo‘l va oyoq protezlari, nogironlar elektr aravachalari va yordamchi mushak stimulyatsiyasi qurilmalarini qo‘llagan holda 6 ta bellashuv o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalishda ikkita mukofot bo‘ladi: biri g‘olib sportchi uchun, biri esa u ishlatgan qurilmani ishlab chiqargan kompaniya uchun. 

Bionik Olimpiada Swiss Arena stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu musobaqalarni o‘tkazish tashabbusini Shveytsariya oliy texnika maktabi va Robototexnika tadqiqotlari sohasidagi milliy markazi professori Robert Riner bildirdi. Musobaqalar tashkiliy qo‘mitasidan shifokorlar, robototexnika ishlab chiqaruvchilari va aloqalar bo‘yicha mutaxassislar joy olgan. Shuningdek, nogironlik, robototexnika, nogironlar uchun sport bellashuvlari va musobaqalari bo‘yicha mutaxassislar ham bor.
 
Olimpiadada Shveytsariyaga muxlislik qilish uchun kamida 5 ming kishi kelishi kutilmoqda. Chiptalarni sotib olishga ulgurmaganlarga stadion yonida jonli translyatsiya tashkil etiladi.

Rinerning ma'lum qilishicha, kelgusida kibatlonni bunday yirik musobaqalar kabi har 4 yilda bir marta bir hafta davomida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga har yili kibatlonning ma'lum bir yo‘nalishi bo‘yicha kichik musobaqalar yoki muayn davlatlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazib boriladi. 

Mavzuga oid