Jahon | 10:27 / 12.10.2016
4324
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Gaitida "Mettyu" bo‘roni qurbonlari soni borgan sari oshib boradi

Foto: AP

BMTning taxminicha, Gaitida "Mettyu" bo‘roni qurbonlari va uning oqibatlari soni borgan sari oshib boradi. Bu haqda BMTning Gaitidagi missiyasi rahbari Sandra Onore ma'lum qildi. 

BMTning gumanitar masalalarni muvorfiqlashtirish boshqarmasining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, Gaitida bo‘rondan deyarli 400 kishi halok bo‘lgan. "Bu miqdor oshib borsa kerak, 60 mingdan ko‘proq odam evakuatsiya qilingan va vaqtinchalik boshpanaga joylashtirilganlar", deb aytdi Onore BMT Xavfsizlik kengashining Gaitidagi vaziyatga bag‘ishlangan majlisida.

Onore Gaitidagi bir qator hududlarga tashrifidan keyin tabiiy ofat mamlakatning janubiy hududlariga katta ziyon yetkazgani, ko‘prik va yo‘llarni barbod qilgani, butun qishloqlarni suv ostiga g‘arq qilgani, 80 foiz qishloq xo‘jalik ekinlari va chorvani yuvib ketganini ma'lum qildi.  

Uning aytishicha, infratuzilma, jumladan kanalizatsiyaning vayron bo‘lishi diareya va vabo bilan kasallanish holatlari ko‘payishiga olib kelgan. "Vabodan yuzlab kasallanish holatlari qayd etilgan, birinchi qurbonlar ham bo‘ldi", deb aytdi Onore. Shu tufayli u BMT missiyasi suvni tozalash tizimlarini taqdim qilayotganini va ustuvorlik infratuzilma va kanalizatsiya tizimlarini tiklash ishlariga qaratilganini ma'lum qildi.   

BMT vakilining ta'kidlashicha, Gaiti hukumatining baholashicha, mamlakatning 2,8 mln kishisi ushbu tabiiy ofatdan aziyat chekkan.  

10 oktabrda BMT bo‘ronning vayronakor oqibatlarini bartaraf etish uchun gumanitar tashkilotlar faoliyatini zudlik bilan moliyalashtirish zarurligini e'lon qildi. BMT va uning hamkorlariga Gaiti aholisiga yordam berish va tabiiy ofat oqibatlarini yengish uchun 119 mln dollar zarur.

 

Mavzuga oid