Fan-texnika | 23:20 / 12.10.2016
19440
9 daqiqa o‘qiladi

Stiv Jobs aqliy hujumlarini qanday amalga oshirgan?

Foto: © AP

Stiv Jobs 31 yoshida Apple'ni tark etib, NeXT'ga asos soldi. Jobs o‘zining startapida xuddi Apple'da bo‘lgani kabi aqliy hujumlarni amalga oshirdi. U bunga o‘ziga xos bo‘lgan usulda, katta qiziqish va to‘liq ishonch bilan yondashardi. Inc.com Stiv Jobsdan nimalarni o‘rganish mumkinligi haqida maqola chop etdi. 

Stiv Jobsning boshqaruv uslubi ham ijobiy, ham salbiy jihatdan yuz martalab ko‘rib chiqilgan. Uni yoqtirish yoki yoqtirmaslik mumkin, lekin uning qo‘lga kiritgan yutuqlarini inkor etib bo‘lmaydi: Jobs - qisqa vaqt ichida sayyoramizning eng muvaffaqiyatli kompaniyasini yaratgan inson. 

Bunga qadar, 1985 yilda Jobs Apple'ni tark etishiga to‘g‘ri kelgan. Bir necha oy o‘tgach, u boshqa kompaniyaga asos solgan. NeXT nomini olgan bu startap oliy ta'lim sohasi uchun kuchli kompyuterlar ishlab chiqarishga e'tiborini qaratdi. 

Bir necha iste'dodli ishchilar Jobsning yangi kompaniyasiga qo‘shilish maqsadida Apple'ni tark etishgan - bu odamlarning unga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi. 

Quyida berilgan videoda Jobsning kompaniyadagi ilk uch oyda o‘tkazgan aqliy hujumlaridan lavhalar ko‘rasiz. 

Har bir ishbilarmon Jobsning xatti-harakatlarini kuzatib, o‘z kompaniyasidagi majlislarni yanada samarali o‘tkazishni o‘rganishi mumkin. 

Ushbu videoning 8 lavhasi shubhasiz diqqatga loyiq. Quyida ular haqida batafsil so‘z yuritiladi hamda tayming (belgilangan vaqt) ko‘rsatib boriladi. 

O‘z hissiyotlaringizni namoyon eting (4:58)

Jobsning o‘ziga xos boshlovchilik iste'dodi bo‘lgan, uning ko‘nikmalari kirish nutqidayoq to‘liq ochiladi.

Ko‘rib turganingizdek, u o‘ta shijoatli, nutqi ham tabiiy. Eng muhimi, Stiv o‘z gaplariga chin dildan ishonadi. 

G‘oya birinchi navbatda o‘zingizni "yondira olmasa", u hech kimga ilhom bag‘ishlay olmaydi. 

Qadriyatlarning yaratilishiga diqqat qiling (5:40)

"Haqiqatda bizni qiziqtira olgani uchun ham bu loyiha bilan shug‘ullanmoqdamiz... Bu shunchaki pul ishlashni xohlaganimizdan emas, oliy ta'limga bo‘lgan haqiqiy qiziqishimizdan".
Stiv Jobs

Tadbirkor uchun uning mahsuloti yoki servisi kimningdir hayotini yaxshilayotganini bilishdan maroqliroq nima bo‘lishi mumkin?

O‘z jamoangizni sinab ko‘ring (6:15)

Videoda Jobs o‘z xodimlarini tekshirayotgani, ularga o‘ng‘aysiz savollar berayotgani va aytilgan so‘zlardan aniq xulosalar chiqarayotganini ko‘rish mumkin. 

U insonlarning nima uchun aynan shunday yo‘l tutganlarini bilishni istaydi va kimningdir gaplariga qo‘shilmasa, buni to‘g‘ri uning o‘ziga aytadi. 

Ha, Jobs hukmron bo‘lishi mumkin, lekin Jobs bilan ikki marta ishlash baxtiga muyassar bo‘lgan Gay Kavasaki shunday degan:

"Agar Apple xodimlaridan nima uchun bu kompaniyadagi barcha qiyinchiliklarga bardosh berishlarini so‘rasangiz, ular sizga "Chunki Apple senga o‘z karerangdagi eng yaxshi ishingni amalga oshirishga imkon beradi", deb javob berishadi".
Gay Kavaski

To‘g‘ri yo‘lni tanlang (6:53)

"Yoningda sening to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganliging hamda maqsad sari harakat qilayotganingni eslatib turuvchi inson kerak. Ming mil yo‘l bosib o‘tishing kerak bo‘lgan, sen esa endi birinchi qadamingni tashlagan bir paytda oldinda turgan yo‘lning oxiri yo‘qdek tuyuladi. Ana shunday paytda "Xo‘sh, biz maqsadimiz sari bir qadamga yaqinlashdik... Shubhasiz, maqsad bor. Bu sarob emas", deydigan odam bo‘lsa, bu juda katta yordam beradi". 
Stiv Jobs

Kompaniyangiz rivojlangani sari haqiqatda muhim bo‘lgan narsalarni anglamay qolishingiz mumkin. Shunga qaramay, o‘zingiz ishonmagan narsalarga qo‘l urmang.

Aynan shuning uchun 1985 yilda Jobsni Apple'dan chiqarib yuborishgan, lekin yana shu sababli qayta ishga olishgan, "Olma"ning o‘zi esa mislsiz muvaffaqiyatga erishgan.

Ustuvor vazifalarni to‘g‘ri belgilang (7:26)

NeXT jamoasi o‘zining ustuvor vazifalarini muhokama qilayotgan bir paytda siz Stiv Jobsning noyob xususiyatini payqashingiz mumkin: u eng muhim narsalarga diqqatni qaratishning uddasidan chiqadi, asosiysi, nima uchun bu birinchi o‘rinda muhim ekanligiga doir fikrini himoya qila oladi. 

Jamoa a'zolari birinchi raqamli ustuvor vazifaga (kompyuter narxini 3 000 dollar darajasida ushlab turish)  e'tiroz bildirishganda Jobs o‘z fikrini himoya qiladi:

"Kompyuter uch karra tezroq bo‘lsa, ular 4 000 dollar to‘lashmaydi. Yo u 3 000 dollarga baholanadi, yoki uni xarid qilishmaydi. Bu sehrli summa... Ular buni haddan ziyod qimmat, deb hisoblashadi. Nima bo‘lganda ham biz shunday narx belgiladik va endi xotirjam bo‘lishimiz mumkin".
Stiv Jobs

Jamoa o‘z yetakchisini qo‘llab-quvvatladi - narx birinchi raqamli ustunlikka ega bo‘ldi. 

Siz nima haqiqatda muhim ekanligini bilasiz, biroq buning nima uchun muhimligini isbotlay olasizmi? Agar buning uddasidan chiqsangiz, jamoangiz sizning ortingizdan ergashadi. 

Gapni qachon to‘xtatish kerakligini his qiling (11:20)

Videoda jamoadagi bir qiz uzun nutq so‘zlay boshlaydi. Jobs avvaliga xotirjamdek ko‘rinadi, lekin qizning gapirishda davom etaverganidan oxiri sabri tugaydi va gapni tugatishini kutib o‘tirmay, qizning gapini "ilib" ketadi. 

Bunday holatlar ko‘p kuzatiladi: uchrashuv ishtirokchilaridan biri haddan tashqari uzoq nutq so‘zlaydi, ammo hech kim odob yuzasidan uning gapini bo‘lishga jazm qilmaydi. Bu lavha ba'zan oxiri ko‘rinmaydigan nutqni vaqtida to‘xtatish naqadar muhimligi haqida o‘ylashga undaydi. 

Yaxshi tinglovchi bo‘lish, sabrli bo‘lish yaxshi, albatta. Biroq haddan ziyod gapga berilib ketgan insonni to‘xtatishni ham o‘rganing - shu tariqa o‘z vaqtingiz va resurslaringizni tejaysiz.

O‘tmish tajribasidan saboq oling, biroq unga o‘ralashib qolishingizga yo‘l qo‘ymang (12:05)

Jamoa ishtirokchilaridan biri o‘tmishdagi xatolarini yodga olganida Jobs shunday deydi:

"Men "Shunchaki biz o‘tgan safar buning uddasidan chiqmadik, bugun ham uddasidan chiqa olmaymiz..." kabi so‘zlarni eshitishni istamayman. Bu bizga bugun berilgan imkoniyat. Bu ajoyib imkoniyat". 

Stiv Jobs

Barcha buyuk tadbirkorlar "xatolar - jarayonlarning bir qismi" ekanligini yaxshi bilishadi. Qanchalik ko‘p urinsangiz, shunchalik ko‘p xato qilasiz va yo‘qotasiz, lekin omad doim yaqiningizda bo‘ladi, faqat uni topa bilish muhim. 

O‘zingizni ijobiy kayfiyatga yo‘naltiring (13:00)

"Men o‘zimiz bilmaydigan narsalar ro‘yxatini tuzayotganimni sezib qoldim, lekin keyin kompaniyamiz yaralganiga atigi 90 kun bo‘lgani yodimga tushdi. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimizga qarab, bunga aql bovar qilmasligi, 90 kun ichida naqadar ilgarilab ketganimizni anglab yetdim". 

Stiv Jobs

Qarshingizda uzun yo‘l turgan bo‘lsa, bajarib bo‘lingan ishga diqqatni qaratish foyda beradi. Amalga oshirgan ishlaringiz va erishgan muvaffaqiyatlaringizni yodga oling. Bu sizga oldinga qarab harakatlanish uchun kuch va g‘ayrat beradi. 

 


 

Mavzuga oid