Sport | 19:26 / 23.10.2016
8529
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» qatorasiga beshinchi uchrashuvda g‘alabaga erisha olmadi

Angliya chempionatining 9-turida peshqadam jamoalardan yana biri g‘alaba qozona olmadi. «Sauthempton»ni o‘z maydonida qabul qilgan «Manchester Siti» 1:1 hisobidagi durangni qayd etdi.

O‘yinning 27-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Jon Stounz darvozabonga pas berishda xato qildi va to‘pni egallab olgan mehmonlar hujumchisi Natan Redmond osonlik bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda Gvardiola jamoa yetakchisi Kevin de Bryuynening o‘rniga Ixeanachoni tushirdi va aynan u 55-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Hisob o‘zgarmadi va mezbonlar bir ochko bilan kifoyalandi.

Qayd etish kerakki, «Manchester Siti» qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba neligini bilmayapti. Jamoa bungacha YeChL doirasida bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etgan, APLning avvalgi turlarida ketma-ket 2ta durang qayd etgandi.

Endilikda jamoa 20 ochko bilan turnir jadvalida birinchi bo‘lib turibdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlardagi «Arsenal» hamda «Liverpul» jamoalarida ham shunchadan ochko, faqat «shaharliklar»da to‘plar nisbati yaxshiroq.

Manchester Siti – Sauthempton 1:1
Gollar: 0:1 – 27 Redmond, 1:1 – 55 Ixeanacho.
Manchester Siti – Bravo, Kompani (Navas, 78), Stounz, Kolarov, Sane, Gyundogan, Silva, de Bryuyne (Ixeanacho, 46), Fernandino, Sterling, Aguero.
Sauthempton –    Forster, van Deyk, Fonte, Martina, Makkuin, Tadich (Bufal, 70), Romeu, Redmond, Klasi (Xeyberg, 67), Devis, Ostin (Uord-Prouz, 83).
Ogohlantirishlar: Klasi (44), Kolarov (50), Romeu (52), Kompani (57), Aguero (59).

Mavzuga oid