O‘zbekiston | 18:25 / 01.11.2016
35119
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Hukumat delegatsiyalari chegara masalasini kelishib oldi

22-31 oktabr kunlari Botken va O‘sh shaharlarida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida ma'lum qilingan.

Uchrashuv chog‘ida Davlat chegara chizig‘ining 49ta uchastkasi bo‘yicha qo‘shma dala tekshiruvlari o‘tkazildi va pozitsiyalar kelishib olindi.

“Uchrashuv 26 oktabr kunidagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining telefon orqali muloqoti ruhida bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki mamlakat vakolatli organlari birgalikda olib borayotgan ishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishidan tomonlar birdek manfaatdorligini ta'kidlagan edilar”, deyilgan xabarda.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra Bayonnoma imzolandi.

Ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvini O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid