Sport | 16:50 / 14.11.2016
15115
4 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: "Ertangi o‘yin uchun aniq rejamiz bor"

Foto: O‘FF

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasida Janubiy Koreyaga qarshi safarda kechadigan o‘yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Murabbiyga O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev hamrohlik qildi.

Koreyalik jurnalistlar dastlab Samvel Babayandan 2015 yilda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynagan O‘zbekiston terma jamoasidan hozirgisi nima bilan farq qilishi haqida so‘rashdi.

“Osiyo Kubogida qatnashgan jamoa va hozir men boshqarayotgan jamoani bir-biriga qiyoslash mening ishim emas. Buning uchun jurnalistlar, boshqa mutaxassislar bor. Bu ish men tomonimdan qilinishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Faqat shuni aytish mumkinki, o‘sha turnirdagi jamoadan hozirda tarkibimizda 8 nafar futbolchi bor. Bugungi kunda milliy terma jamoaga ko‘pgina yosh futbolchilarni jalb etyapmiz. Ammo “U jamoa bunday o‘ynardi, biz bunaqa o‘ynaymiz”, deb muhokama qilmoqchi emasman”, - deya javob berdi murabbiy.

Raqib terma jamoasi safidagi eng xavfli futbolchilar haqida so‘ralganida esa Babayan quyidagicha javob qaytargan: “Janubiy Koreya terma jamoasida iste'dodli futbolchilar juda ko‘p. Kuchli chempionatlarda faoliyat yuritadigan legionerlar ham, mahalliy chempionatda to‘p suradigan yulduzlar ham bor. Hozir omma oldida kimnidir alohida ko‘rsatmagan bo‘lardim. Asosiysi, biz o‘zimiz uchun raqib safidagi eng xavfli futbolchilarni aniqlab oldik va ularga qarshi qanday o‘ynash kerakligini bilamiz”.

Undan o‘yinning muhimlik darajasini hisobga olib, unga alohida tayyorgarlik ko‘rilgan-ko‘rilmagani haqida ham so‘rashgan.

Samvel Babayan O‘zbekiston terma jamoasi uchun har bir o‘yin muhimligini, raqib Suriyami, Koreyami, bundan qat'i nazar navbatdagi har bir o‘yinga eng muhim sifatida yondashilishi va shunga yarasha tayyorlanilishini ta'kidladi.

Igor Sergeyevdan O‘zbekiston chempionatida doimiy ravishda sermahsul o‘yin namoyish etgani, ammo Xitoy klubiga o‘tgach, bu ko‘rsatkichi oqsagani haqida so‘ralganida hujumchi shunday javob berdi:

“Bu mening birinchi bor xorij klubida o‘zimni sinab ko‘rishim edi. U yerda hali ko‘p o‘ynamadim, yarim yilgina bo‘ldi. Yangi chempionatga, jamoaga moslashishga vaqt ketdi. Yetarlicha o‘yin amaliyotiga ham ega bo‘lmadim, deb o‘ylayman. Sabablar ko‘p. Shunday bo‘lsada, gollar urishga doim harakat qilaman. So‘nggi vaqtlarda bu borada ahvol ancha yaxshilandi. Umid qilamanki, shunday davom etadi. Terma jamoaga to‘xtaladigan bo‘lsam, unga chaqiruv oldingmi, maydonda boringni berib harakat qilishing, unga maksimal yordam berishga intilishing shart”.

Mavzuga oid