O‘zbekiston | 09:06 / 16.11.2016
2966
4 daqiqa o‘qiladi

Sarvar Otamuratov 15 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: milliytiklanish.uz

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 15 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhi a'zosi A.Keldiyev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Mahmatmo‘minov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Dasturda xalqaro miqyosda e'tirof etilgan va bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta'minlash, boy tarixiy, madaniy, ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash, ma'naviy yuksalishga erishish hamda milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. 

Dasturda belgilangan maqsad-vazifalar mamlakatimizning barcha hududlari qatori Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ham muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda qazib olinayotgan gazning 64, neftning 67, gaz kondensatining 87,4 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatdagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘'ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari, “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” singari yirik qo‘shma korxonalar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport qilinadigan mahsulotlar hajmi va turini yanada ko‘paytirish, yengil sanoat va to‘qimachilik korxonalariga mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish, dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, mamlakatimizni boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog‘laydigan transport kommunikatsiyalari barpo etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan. 

Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati ochiqligini ta'minlash orqali ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish, milliy iqtisodiyot rivoji yetuk mutaxassislarga bog‘liq ekanini hisobga olgan holda, zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan takomillashtirish, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ilgari surilgan. 

Uchrashuvda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti kafedra mudiri Yu.Ergasheva, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti katta o‘qituvchisi S.Murtozova, “Voha” gazetasi bo‘lim muharriri O.Qo‘ldoshev, O‘zbek jang san'ati federatsiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi bosh murabbiyi J.Bobonazarov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Manba: O‘zA    

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid