«Oltin to‘p» intrigasiga nuqta qo‘ygan o‘yin: «Real» derbida «Atletiko»ni qanday yengdi?
Haftaning markaziy uchrashuvi sifatida kutilgan Madrid shahrining «Real» va «Atletiko» jamoalari o‘rtasidagi derbi kutilmagan natija bilan yakunlandi. «Tribuna.uz» sayti bu o‘yinni tahlil qildi.
«Atletiko»ni chempionatda yuta olmayotganimizni eslatganingiz uchun rahmat. Bu safar mazkur an'anaga barham berishga tayyormiz», degandi o‘yindan oldin madridliklar bosh murabbiyi Zinedin Zidan.
U haq bo‘lib chiqdi. «Visente Kalderon»dagi so‘nggi (Ispaniya chempionatida – aniq so‘nggi) Madrid derbisida «Real» raqibini tom ma'noda tor-mor keltirdi. Zidan Diyego Simeonega La-Ligada ham uni mag‘lubiyatga uchrata olishini isbotlay oldi.
Balki bu Zidanning murabbiylik faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinidir. Balki bu Diyego Simeonening «Atletiko»dagi ertagi asta-sekin nihoyasiga yetib borayotganini isbotlab bergan o‘yindir. Bir so‘z bilan aytganda «Real» bu kecha hamshaharlaridan har jabhada ustun ekanini ko‘rsata oldi.
Stefan Savichning birinchi bo‘lim o‘rtalarida ishlatgan qo‘polligini «Atletiko»ning haqiqiy bir tizimli o‘yini deya oqlash mumkin. Agar jarima maydoni yaqinida bo‘sh hududda raqib futbolchisi seni ortda qoldirib ketayotgan bo‘lsa, uni ikkilanmasdan qoidani buzib bo‘lsada to‘xtatib qolish shart. Diyego Simeonening Madrid klubida yozgan «axloq qoidalari» kitobida shunday qayd qilingan. Bu jamoa tizimining bir qismi edi. Savich o‘z jarima maydonidan yetarlicha uzoqlikda bu ishni amalga oshirdi. Biroq bu kecha «Atletiko»ning tizimi ishlaydigan kun emasdi. Jarima to‘plaridan foydalanish borasida turli latifalarning qahramoni bo‘lib kelayotgan Krishtianu Ronaldu bu safar ham zarbani qoyillatib tepa olgani yo‘q. Ammo rikoshet natijasida Oblak bu safar darvozaga kirishni istagan to‘p qarshisida ojiz qoldi. Vaziyat bu kecha Krishtianu kechasi ekanini isbotlagandi.
Yaxshilab e'tibor berib qarasangiz barchasi oddiy ko‘rinadi. Birinchi gol rikoshet natijasida, ikkinchi gol bechora Savichning xatosi va Ronalduning ajoyib artistik mahorati evaziga ishlangan penalti hosilasi. Uchinchisi vabankdan keyin markazi zaiflashib qolgan mezbonlarning qarshi hujumda jazolanishidan so‘ng yuzaga keldi. Aslida Zidanning bu o‘yin uchun ishlab chiqqan tizimi aynan kerakli paytda, kerakli epizodlarda raqibni mag‘lub etishdan iborat bo‘lganini isbotlaydi. Markazda Toni Kroosning yo‘qotilishi natijasida «Real» ko‘proq qanotlardan, uzun paslar evaziga vaziyatlar yaratishga majbur bo‘ldi. Diyego Simeone kelganidan buyon «Atletiko»ga muvaffaqiyat keltirayotgan mazkur uslubni Zidan raqibning o‘ziga kontr-taktika sifatida foydalandi. Raqib, raqibning uslubida kutib olindi. Raqib raqibning uslubida mag‘lub etildi. Simeone markaziy hujumchisiz va Ronaldu deb nomlangan kichik bir, qisqa muddatli tizim oldida mag‘lubiyatga uchradi. Tom ma'noda yutqazdi.
Kroos, Ramos, Pepe, Morata, Benzema, Kazemiro – asosiy tarkibda o‘ynashi mumkin bo‘lgan 6 nafar futbolchisiz ham Zidan aniq o‘yinga tanlangan aniq taktika bilan ko‘zlangan maqsadga yeta olish mumkinligini ko‘rsatdi. Nacho markaziy himoyachi sifatida faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Sof tayanch yarimhimoyachisiz qolgan jamoani himoya va yarimhimoya bilan bog‘lashda Varan (xatolarga yo‘l qo‘yganiga qaramay) ham yomon taassurot qoldirmadi. «Atletiko»da esa jamoa o‘yinini hal qilib berishi lozim bo‘lgan futbolchilar o‘z o‘yinini ko‘rsata olmadi. Koke Ronaldu bilan yuzaga keltirgan janjali bilangina yodda qoldi. Antuan Grizmann esa jamoasining ikkita ketma-ket uyushtirgan hujumlarini ko‘kka sovurishdan boshqasini eplay olmagani — uning jarohatdan so‘ng yaxshi sport formasiga kira olmaganini yaqqol ko‘rsatib berdi. Ikkinchi gol kiritilgan vaziyatdayoq ma'lum bo‘ldiki — bu kechadagi o‘yin intrigasi o‘lgandi.
Bu uchrashuv ko‘proq bitta jamoaning g‘alabasi bilan emas, boshqa jamoaning mag‘lubiyatiga o‘xshadi. Ikkinchi bo‘lim boshida nimalarnidir urinishga uringan mezbonlar qolgan vaqtlarda «Real»ning tizimli va jamoaviy bo‘lib, reja asosida, kerakli epizodlar evaziga g‘alabani tortib olishiga guvoh sifatida qaraab turishga majbur bo‘lishdi xolos. Zidan esa optimal bo‘lmagan tarkib bilan ham kerakli vaziyatda kerakli kuchni qo‘sha olishi mumkinligini isbotladi. Isko yoki Vaskesni «Real»ning asosiy tarkib futbolchilari deb bo‘lmaydi. Biroq bu kecha yuqoridagi ikki futbolchi ham asosiy tarkibga yo‘qotishlar sabab emas, aynan o‘zlarining munosibliklari uchun tushgandek taassurot uyg‘ota oldi.
Uchrashuv haqida aytish mumkin bo‘lgan yana bir gap bu — Ronaldu. Yevropa chempionlar ligasi va Yevropa chempionatidagi g‘alabadan keyin Krishtianu taqvim yilidagi yana bir muhim – asosiy raqiblaridan biri ustidan qozonilgan (qozonilganda ham aynan Ronalduning xet-triki evaziga) munosib g‘alabani ham qo‘shib qo‘ydi. Bu Krish uchun fantastik tarzda kechgan yil uchun qo‘yilgan yana bir qalin undov belgisi bo‘ldi!
Portugaliyalik futbolchi atrofida qanday gap yurmasin, qanday munosabatlar bildirilmasin, o‘yindan keyin Zidan aytganidek Krishtianu «Oltin to‘p» sovrini uchun intrigaga batamom nuqta qo‘ydi. Qalin nuqta.
U uchinchi golni kiritarkan, kamera qarshisiga yaqin kelib, endi «Oltin to‘p» olishimni shunaqa tomosha qilib o‘tirasiz», degandek ishora bilan bu mavzuga shunday yakun yasadi.
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:52 / 27.10.2024