Jamiyat | 18:26 / 22.11.2016
8139
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning 88 yoshli fuqarosi Xolokostni rad qilgani uchun qamoq jazosiga mahkum etildi

Germaniyada istiqomat qiluvchi Ursula Xaferbek millatlar aro nafrat qo‘zg‘ashga urinish va Xolokostni tan olmagani uchun 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Bu haqda Spiegel-Online xabar bergan.

88 yoshli bu ayol ustidan sud jarayoni Quyi Saksoniya yeridagi Ferden shahrida bo‘lib o‘tgan. Qayd etilishicha, ayblanuvchi hukm yuzasidan shikoyat bildirmoqchi.

«Reyx ovozi» (Stimme des Reiches) gazetasi materiallarida Xaferbek bir necha marta Xolokostni inkor qilib chiqqan. U sudda o‘ziga oxirgi so‘z berilganida Osventsimdagi lager konsentratsiya lageri bo‘lmagani, mehnat lageri bo‘lgani, unda odamlar gaz kameralariga solinmagani haqida gapirgan.

Qayd etish kerakki, bu Ursula Xaferbekka chiqarilgan birinchi hukm emas. 2015 yil noyabrida Hamburgdagi sudlardan biri unga 10 oylik qamoq jazosi tayinlagandi. Shu yilning sentabr va oktabr oylarida unga 8 va 11 oy muddatli hukmlar o‘qildi.

Deutsche Welle nashrida yozilishicha, hozircha hech bir sud hukmi kuchga kirmagan.

Osventsim (yoki Aushvits) lageri Polshaning Krakov shahridan 60 kilometr masofada joylashgan. 

1944 yilda Osventsimga vengriyalik yahudiylar ortilgan 130 dan ziyod poyezd yetib kelgan edi. 300 mingga yaqin kishi gaz kameralarida zaharlangan va lager pechlarida yoqib yuborilgan. 

Turli bahonalarga ko‘ra, Osventsimda 1,4 million kishi qiynab o‘ldirilgan, ulardan milliondan ortig‘i yahudiylar edi. Hozirda lager hududida muzey ochilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid