Jahon | 11:08 / 23.11.2016
22747
3 daqiqa o‘qiladi

ShHT bosh kotibi Turkiyaning tashkilotga a'zo bo‘lish istagiga javob qaytardi

Foto: © AFP

Shanxay hamkorlik tashkiloti tarkibini tezlik bilan kengaytirish maqsadiga ega emas, deya bayonot bergan tuzilma bosh kotibi Rashid Alimov. U Turkiyaning ShHTga qo‘shilishi imkoniyatiga izoh berar ekan, shunday fikrni bildirgan. Shu bilan birga, Alimov ShHTga a'zo bo‘lishni xohlovchi mamlakatlar orasida Suriya va Ukraina ham borligini qayd etgan. 

BMT bosh qarorgohida Anqaraning ShHTga a'zo bo‘lish istiqbollari haqida savol bergan jurnalistlarga javob bergan Alimov, "Turkiya muloqotdagi hamkor davlat" ekanini ta'kidlagan.

"Biz kengayishda shoshilmaymiz. Hozir, qadam-baqadam, majburiyatlarga oid memorandumga muvofiq, Hindiston va Pokiston bilan ishlayapmiz. Biz bu jarayonni yakunlagach, uning qanday ishlashini ko‘ramiz. Biz tashkilotni tezlik bilan kengaytirib, uni qandaydir muqobil tashkilotga aylantirish niyatida emasmiz. Biz o‘z yo‘limizdan, xotirjam davom etamiz. Bizning o‘z dasturimiz bor va uni hayotga tatbiq etamiz", — degan Alimov. 

Avvalroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an YeIga a'zo bo‘lish mamlakat uchun yagona yo‘l emasligi, rasmiy Anqara ma'muriyati ShHTga a'zo bo‘lish masalasini Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari bilan muhokama qilayotgani haqida bayonot bergan edi. 

2001 yilda tashkil etilgan ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston a'zodir. 2015 yilda tashkilotda Hindiston va Pokistonni qabul qilish jarayoni boshlangan edi. Armaniston, Ozarboyjon, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka muloqotdagi hamkor davlatlar hisoblanadi. 

Alimovning qayd etishicha, "tashkilotga qiziqish mavjud va o‘sib bormoqda". "Xohlovchilar ko‘p. Bizda, masalan, Isroil, Misr, Suriya, Ukraina, Maldiv va shu kabilarning arizalari bor", — degan ShHT bosh kotibi. 

Rashid Alimov Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi va ShHT tomonidan Nyu Yorkda tashkil etilgan BMT va ShHTning tahdidlarga qarshi kurashdagi o‘zaro hamkorligiga bag‘ishlangan anjumanda ishtirok etgan. 
 

Mavzuga oid