O‘zbekiston | 20:30 / 24.11.2016
5383
4 daqiqa o‘qiladi

Xatamjon Ketmonov surxondaryolik saylovchilarning huzurida bo‘ldi

Foto: ndp.uz

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 24 noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati T.Norboyev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Ch.Jumaqulov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Surxondaryo viloyati o‘zining iqtisodiy salohiyati, muhim geografik o‘rni, tabiiy imkoniyatlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida mustaqillik yillarida ana shu salohiyat va imkoniyatlarni voha ahli, butun xalqimiz manfaatlari yo‘lida ishlatish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyat iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur'atlari bilan rivojlanmoqda. 

To‘palang gidroelektrostansiyasi, Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash zavodi, “Sharg‘un ko‘mir”, “Xo‘jaikon tuz” aksiyadorlik jamiyatlari, “Xonjiza” kon-boyitish majmuasi kabi yirik sanoat korxonalari mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 75 foizga, hududiy eksportdagi ulushi 58 foizga yetdi. Mehnat bilan band aholining 80 foizi ana shu sohada faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Dastur partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining parlamentdagi ko‘pchilik – demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e'lon qilgani, bu muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalarga asoslanishi ta'kidlandi. 

Korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi “kollej – korxona” aloqalarini yo‘lga qo‘yish, nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalar tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish va yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish zarurligi qayd etildi. 

Dasturda o‘qish uchun shartnoma pulini to‘lashga qiynalayotgan kam ta'minlangan oilalar farzandlariga shartnoma pullarini to‘layotgan korxonalarni rag‘batlantirish, imtiyozli va bepul malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini tartibga soluvchi tegishli qonun hujjatlari ijrosi ustidan nazorat samaradorligini oshirishga ham alohida e'tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda Oltinsoy tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori B.Tog‘ayev, Termiz shahridagi 2-oilaviy poliklinika bosh shifokori O.Jo‘rayeva, Termiz shahridagi 24-maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi D.Abdullayeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

 

Mavzuga oid