Sport | 14:41 / 28.11.2016
9529
9 daqiqa o‘qiladi

Chorasiz «Barselona», antirekordchi Mourino, Krasnodardagi triller va «uik-end»ning boshqa eng yorqin lahzalari

O‘tgan hafta uik-end’i voqealarga juda boy bo‘ldi. Ayniqsa yetakchi jamoalarning ko‘rsatgan muvaffaqiyatsiz o‘yinlarini alohida qayd etib o‘tish joiz. «Barselona» bu mavsumdagi barcha antirekordlarini yangilagan o‘yinini o‘tkazdi. «Yuventus» Italiya A seriyada duch kelmagan muammosiga duch keldi. Joze Mourino «MYu» uzoq yillardan buyon ko‘rsatgan eng yomon natijalarini yangilab tashladi. Tribuna.Uz Yevropaning eng voqealarga boy bo‘lgan hafta yakunini yodga olib o‘tishga qaror qildi.

To‘psiz «Barselona»

Maydonda to‘psiz qolgan «Barselona»ni eslay olasizmi? Menimcha yo‘q. Joriy mavsumning o‘zida Gvardiola jamoasiga qarshi ikki marta to‘p surganda ham Enrike shogirdlari umumiy to‘p nazorati bo‘yicha yetakchilik qilgandi. Ammo «Sosedad»ga qarshi uchrashuvda «ko‘k-anorranglilar» raqibga to‘pni ko‘proq muddatga berib qo‘yishdi 52,6 ga 47,4 foiz. Jamoaning o‘yini o‘xshamaganiga bu birgina isbot emas. To‘psiz qolgan Lionel Messi boshchiligidagi jamoa Neymar-Suares-Messi uchligi bilan birinchi bo‘limda biror marta ham raqib darvozasiga aniq zarba bera olmadi. Bunaqasi mavsum davomida kuzatilmagandi. Natijada kataloniyaliklar uchun «Anoeta»dagi muvaffaqiyatsiz uchrashuvlar ketma-ketligi yanada cho‘zildi, Pike durangdan xursand bo‘lish kerakligi va bunaqa o‘yin bilan jamoa chempion bo‘la olmasligini tan olib yubordi. «Real Sosedad» murabbiyi esa haqli ravishda o‘z o‘yini bilan maqtanib o‘tdi. Hujumchi Karlos Vela esa boshini baland ko‘tarib jamoasi bu o‘yinda ikki ochko yo‘qotganini ta'kidladi.

Zidan va Ronaldu

«Barselona»ning muvaffaqiyatsiz o‘yinidan «Real» foydalanishda davom etmoqda. Madridliklar bu turda autsayderga qarshi juda qiyin o‘yin o‘tkazishganiga qaramasdan, Ronalduning navbatdagi rekord natijalari evaziga g‘alaba qozondi. Zidan esa o‘z natijalari bilan Karlo Anchelottiga tenglashib oldi. 31 uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchramayotgan «Qirollik klubi» yana uchta uchrashuvda bu natijani saqlab qolsa jamoa tarixidagi eng yaxshi natijani takrorlagan bo‘ladi. Biroq jamoani oldinda «el-klasiko» kutmoqda.

O‘zgarmayotgan Mourino

Ikki yildirki Joze Mourinoning natijalari undan kutilgan top-murabbiy natijalariga o‘xshamayapti. Albatta bir yil oldingi «Chelsi» natijasidan hozir «MYu» qayd etgan ko‘rsatkichlari yaxshiroq, lekin mana shuning o‘zi ham manchesterliklarning so‘nggi 27 yillik tarixidagi eng yomon ko‘rsatkichi bo‘lishi uchun yetarli bo‘lyapti. Hattoki Manchesterdagi faoliyati o‘ta muvaffaqiyatsiz deb baholanadigan Devid Moyyes va Lui van Gaal ham bu darajada yomon start olmagan. Bu hali hammasi emas. «Vest Hem»ga qarshi uchrashuv bilan qo‘shib hisoblaganda Mourino «Old Trafford»da ketma-ket  to‘rtinchi uchrashuvda g‘alaba qozona olmadi. Bunaqasi oxirgi marta bo‘lganida «Vest Hem»ga qarshi maydonga tushganlarning deyarli yarmi hali tug‘ilmagan edi. Fevralda 27 yil to‘ladigan natijani Mourino jamoasi ko‘rsatgan futboli bilan yana bir marta yodga soldi.

Jozening oldingi faoliyatidan saqlanib qolgan jihatlar ham bor. Masalan u hamon hakamlarga e'tiroz bildirishda davom etmoqda, natijada o‘yinni tribunadan kuzatishiga to‘g‘ri kelyapti va navbatdagi jazoga tortilishga yaqin turibdi.

Konte zabt etgan 9 yillik tarix

«Chelsi» esa Mourinodan qutulgach, ishlari joyiga tushib ketdi. Antonio Konte boshchiligida jamoa oltita o‘yinni «quruq» seriya bilan yutdi, bu safar gol o‘tkazib yuborilgan bo‘lsada, jamoa prinsipial raqiblardan biri «Tottenhem»ning mavsumdagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga yakun yasashni uddaladi. Bu natija bilan Konte shogirdlari to‘qqiz yildan buyon uddalay olmayotgan natijani qayd etdi va eng asosiysi «Chelsi» turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Bu endi mavsum boshida «Liverpul» va «Arsenal»ga yutqazgan jamoa emasligini Kontening o‘zi ham tasdiqlayapti.

«Leyptsig»ning davomli ertagi

Germaniyada ham yettita uchrashuvdan buyon g‘alaba qozonayotgan jamoa bor. Lekin bu o‘ylaganingizdek «Bavariya» yoki «Borussiya» kabi yetakchi jamoalar emas, tashkil etilganiga endigina 7 yil bo‘lgan, bundesliganing debyutant jamoasi «Leyptsig» qayd etmoqda. O‘tgan hafta bundesligada yangi tarix yaratgan Ralf Xazenxyuttl shogirdlari turnir jadvalida peshqadamlik qilishda davom etishmoqda. Jamoa kuchli beshlik chempionatida mag‘lubiyatga uchramagan uchta jamoadan biri bo‘lib turibdi. «Bavariya» esa bu safar juda katta qiyinchiliklar va hakamning bilib-bilmay ko‘rsatgan yordami bilan g‘alaba qozonib ta'qibchi rolini o‘ynashda davom etmoqda.

«Yuventus» — mashina emas

Italiyada hozircha «Yuventus»ni «Bavariya»ning holatiga tushirib qo‘ya oladigan jamoa yo‘q. Lekin hech bo‘lmasa, ba'zida turinliklarning ham mashina emasligini isbotlab turuvchilar topilmoqda. Masalan bu mavsumda faqat Milanda mag‘lubiyatlarga uchragan, qolgan barcha raqiblarini birma-bir mag‘lub etib kelayotgan klub nisbatan kuchsizroq jamoaga ham yutqazishi mumkinligi ko‘rinib qoldi. Yutqazganda ham uch yildan beri yo‘l qo‘ymagan xatolarni takrorlab yutqazdi. Diyego Simeonening o‘g‘li bunday tarixiy natijaga o‘z dubli bilan hissa qo‘shdi. Endi «Milan» va «Roma» peshqadamdan to‘rt ochkoga ortda qolishmoqda. Bugungi A seriya uchun shuning o‘zi ham katta gap.

Yevropada yetakchi «Monako»

Fransiyada esa bu yilgi vaziyatga Germaniyaga o‘xshab ketmoqda. «PSJ» yakkapeshqadamlik qilmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Orada «Nitstsa» farqni hattoki 6 ochkogacha oshirgandi. Biroq so‘nggi turga kelib bu farq 1 ochkogacha qisqardi. Lekin «Nitstsa» amaldagi chempiondan ko‘ra, «Monako» ko‘proq xavf solmoqda. Yevropa chempionatlarida sermahsullik bo‘yicha yetakchilik qilayotgan Jardim shogirdlariga bu borada «Real», «Barselona», «Manchester Siti» yoki «Liverpul» kabi golni sevadigan jamoalar ham raqobat ko‘rsata olmayapti. O‘z navbatida jamoa qariyb 50 yildan buyon Fransiya chempionatida kuzatilmagan sermahsullikni namoyish etib kelmoqda.

Krasnodar trilleri

Rossiya chempionatida ham dramatik uchrashuvlar bo‘lib turadi. Lekin kecha «Krasnodar»da kechgan o‘yin kabi triller yaqin yillar ichida Rossiya chempionati doirasida kuzatilmagan bo‘lsa kerak. 86 daqiqa mobaynida gol kiritilmagan o‘yinda, avvaliga Dzyuba mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqqdi. Hammasi «Zenit»ning g‘alabasiga qarab ketayotgandi, lekin... 90+2 daqiqada avvaliga Marat Izmaylov hisobni tenglashtirdi. Hakam hushtagi chalinishi arafasida esa Okriashvili krasnodarliklarga g‘alaba keltirgan golni, yo‘q supergolni kiritdi. Agar sizda ehtiroslarga, asabbuzarliklarga boy o‘tgan uchrashuvni jonli ko‘rish imkoniyati bo‘lmagan bo‘lsa, takroran albatta ko‘ring. Hech bo‘lmasa xavfli vaziyatlarini kuzating. Afsuslanmaysiz.

Uik-endga yana bir qator e'tiborli vaziyatlar kuzatildi.

Agueroning navbatdagi muvaffaqiyati, «Suonsi» va «Kristal Pelas» o‘rtasida kechgan quvlashmachoq o‘yinlarni ham shular jumlasiga kiritish mumkin. 

 

Mavzuga oid