Sochilik ayol Gruziyaga tanklar yaqinlashayotgani haqidagi sms-xabari uchun katta muddatli qamoq jazosi oldi
Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi sudi Sochida yashovchi Oksana Sevastidiga 2008 yil aprelda gruziyalik tanishiga Rossiya tanklari harakatlanishi haqida sms-xabar yuborgani uchun jazo hukmini chiqardi. Bu haqda kp.ru nashri xabar bermoqda.
46 yoshli ayol josuslik ko‘rinishida davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topilib, jazoni umumiy koloniyada o‘tash sharti bilan 7 yillik qamoq jazosiga tortildi. Sud jarayoniga ayol tomonidan 2008 yilda yuborilgan 2 ta sms-xabar sabab bo‘lgan. Ayol 2015 yilda hibsga olingan.
"Sms-xabarlarda faqatgina bir necha gap bo‘lgan. Ularni hozir sizga so‘zma-so‘z takrorlay olmayman. Biroq uning ma'nosi quyidagicha bo‘lgan: "Bizning shahar orqali Abxaziya tomonga tanklar ketmoqda". Bu xabarlarga hech qanday suratlar ilova qilinmagan", deb aytdi ayolning advokati Ivan Pavlov.
Advokatning aytishicha, Abxaziya davlat xavfsizligi organlari hujjatlaridan ma'lum bo‘lishicha, Sevastidining tanishi o‘sha paytlarda Gruziya maxsus xizmatlarida ishlagan.