Jahon | 10:10 / 03.12.2016
4529
2 daqiqa o‘qiladi

Gambiyada qirol bo‘lish istagini bildirgan prezident saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi

Gambiya prezidenti Yahyo Jamme davlat rahbari saylovlarida mag‘lub bo‘lgani va iste'foga chiqishga roziligi haqida ma'lum qildi. U mamlakatni 22 yil boshqarib, oxir-oqibat qirol bo‘lish niyati borligi haqida ma'lum qilgandi, deb xabar beradi BBC.

Jamme o‘z vazifasini topshirish va o‘tish davrida yangi saylangan prezident Adam Berrouga yordam berishga tayyorligini bildirdi. BBC’ning ta'kidlashicha, bu ish amalga oshadigan bo‘lsa, Gambiya tarixida birinchi marotaba hukumatni tinch yo‘l bilan berish holati amalga oshadi.

Eslatib o‘tamiz Gambiyadagi prezidentlik saylovlari 1 dekabr kuni o‘tkazildi. Unda 51 yoshli Beroou 45,5 foiz ovoz olgan bo‘lsa, Jamme saylovchilarning 36,7 foiz ovozini to‘pladi.

Ma'lumot uchun, Yahyo Jamme Gambiyada 1994 yilda harbiy to‘ntarish oqibatida hukumat tepasiga kelgan. U 1996 yilda mamlakat prezidenti bo‘lib, bir necha bor qayta saylangan. Avvalroq, Jamme davlatni “milliard yil” boshqarish istagida ekanini ma'lum qilgandi. 2010 yilda esa qirol bo‘lish niyatini bildirgan.

Yangi saylangan prezident Adam Berrou esa Gambiyada 1965 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 2000 yillarda Londonga ko‘chib o‘tib, u yerda qo‘riqchi bo‘lib ishlagan. Berrou 2006 yilda mamlakatga qaytib kelib, o‘zining rieltorlik agentligini tashkil qilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid