O‘zbekiston | 18:18 / 05.12.2016
15222
4 daqiqa o‘qiladi

Mag‘lub nomzodlar bir ovozdan saylov natijalaridan xafa emasliklarini bildirib, saylovchilarga rahmat aytishdi

Bugun, 5 dekabr kuni MSK matbuot markazida prezidentlik saylovida mag‘lub bo‘lgan nomzodlar - Xatamjon Ketmonov, Narimon Umarov va Sarvar Otamurodov so‘zga chiqib, saylov natijalari bo‘yicha bayonot berishdi. 

Nomzodlar bir ovozdan saylov jarayonlarida ularga teng imkoniyatlar yaratilganligini alohida ta'kidlashdi. 

Jumladan Xalq demokratik partiyasi vakili Xatamjon Ketmonov 45 mingga yaqin saylovchilar bilan uchrashgani, ular asosida 4500dan ortiq ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlanganini ta'kidladi. Internet saytlarida 600dan ortiq maqolalar berib borilganini aytib o‘tdi. Diqqatga sazovor joyi shundaki, targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida olib borildi.

Xatamjon Ketmonov saylov natijalarini tan oldi va Shavkat Mirziyoyevni g‘alaba bilan tabrikladi.

«Adolat» Sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod bo‘lgan Narimon Umarov saylov natijalari partiya kutgan darajada bo‘lmagani, lekin bundan xafa emasligini aytib o‘tdi.

«Ko‘ppartiyaviylik sharoitida, ochiq-oshkora, xalqaro andozalar va demokratik talablarga to‘la muvofiq tarzda bo‘lib o‘tgan mazkur saylov natijalarini tan olgan holda, uning adolatli bo‘lganini e'tirof etamiz va xalqimizning tanlovini hurmat qilamiz», — dedi Narimon Umarov.

Narimon Umarov o‘zi rahbarlik qilayotgan partiya nomidan Shavkat Mirziyoyevni «xalq tomonidan bildirilgan yuksak ishonch» bilan tabrikladi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzod bo‘lgan Sarvar Otamuratov o‘zbek xalqining yuz-ko‘zidagi mamnuniyat va ertagi kunga bo‘lgan ishonchiga alohida e'tiborni qaratdi. U ham Prezidentlik saylov oldi kampaniyasida barcha sharoitlarning tenglik asosida yaratilganiga urg‘u berdi. 

U Shavkat Mirziyoyevning g‘alabasini tan olishini ma'lum qildi.

«Saylovda O‘zLiDePdan O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga saylangan Shavkat Mirziyoyevning g‘alabasini tan olamiz va chin dildan qutlab, u kishining yuksak lavozimdagi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilaymiz», — degan Otamuratov.

Uchala nomzod ham o‘z tarafdorlari hamda saylovda jonbozlik ko‘rsatgan barcha fidokorlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. X. Ketmonov, N. Umarov va S. Otamurodov O‘zbekistonning yangi saylangan Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevni Prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan chin dildan qutlashdi va uning kelgusidagi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi. 

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili Narimon Umarov mamlakatimiz aholisining saylovlarda yuksak faollik ko‘rsatganini alohida qayd etdi. U 9 339 saylov uchastkasining har birida partiya kuzatuvchilari bo‘lganliklari va hammasi Qonunchiligimizga muvofiq bo‘lib o‘tganini ta'kidladi. Shuningdek Narimon Umarov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni yodga olib, ular boshlab bergan yo‘ldan birdamlikda harakat qilishga umid bildirdi. "Adolat" partiyasi nomzodi saylovlardagi mag‘lubiyatidan aslo xafa emasligi va yurtimizning umumiy maqsadi yo‘lida bor kuchini safarbar qilishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid