Sport | 12:51 / 11.12.2016
12856
9 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti»ning xo‘rlanishi, Serxio Ramosning navbatdagi qahramonligi va shanba kunining boshqa yorqin voqealari

Tribuna.uz shanba kuni Kuchli beshlik chempionatlarida bo‘lib o‘tgan asosiy o‘yinlar tafsilotlari haqida eslatib o‘tadi.

Gvardiola yana bir italyan murabbiydan yengildi.

Ispaniya
«Barselona»ning zerikarli g‘alabasi

«Oltin Globus» yilning eng befoyda o‘yini uchun berilganida, uni «Barsa» va «Osasuna» olardi. Primera turnir jadvalining oxirgi o‘rnida ketayotgan jamoa qatorasiga beshinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.«Barselona» Klasikodagi muvaffaqiyatsizlikdan bir hafta o‘tib, safarda yirik g‘alabaga erishdi, ammo bu g‘alaba jamoaning turnir jadvalidagi holatiga ta'sir ko‘rsatmadi.

Birinchi bo‘limda Suares va Messi bir necha vaziyatlarni ko‘kka sovurdi. Pamplonalik yigitlar «Barselona»ga gol urishga imkon berishmadi.

Ikkinchi bo‘limda esa Leo mudofaani yorib o‘tdi. Avvaliga Suares hisobni ochdi, 72-daqiqada esa Messi raqib futbolchilarini emaklatib gol urdi, qo‘shimcha daqiqalarda Messi yakuniy hisobni o‘rnatdi - 3:0.

«Osasuna» bosh murabbiyi Xoakin Kaparros yozda Ispaniya terma jamoasini boshqarishi mumkinligi aytilayotgandi, hozir esa uning jamoasi Primeraning 20-o‘rnini ishonch bilan "boshqarmoqda".

Ramos «Real»ni yana bir bor qutqardi

«Blankos» 2014 yildan buyon ilk marta  BBC uchligining bironta vakilisiz maydonga tushdi – Zidan 4-2-3-1 sxemasini tanladi va Morata, Asensio va Xames hujumda harakatlandi. Kolumbiyalik futbolchi birinchi bo‘limda yaxshi taassurot qoldirdi, ammo darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borib, gol ura olmadi. 

«Real» o‘yinda ustunlik qildi, ammo Morata – Alvaro juftligi ishonchni oqlamadi. Keylor Navas to‘p bilan qancha muomala qilgan bo‘lsa, ular ham to‘pga shuncha marta teginishdi. Madridliklarning markaziy hujumchisi 50-daqiqaga kelibgina o‘zini ko‘rsatdi - 1:0. O‘yin qahramoni «Depor» hujumchisi Xoselu bo‘lishi mumkin edi, u 2 daqiqa ichida Kazemiro va Ramosning qo‘pol xatolaridan foydalanib, 2ta gol urdi.

Zidan o‘yin tashkil qilishda boshqa variantlaridan foydalanib, Vaskes va Mariano Diasni maydonga tashladi. Barselonada tug‘ilgan, kelib chiqishiga ko‘ra dominikanlik bo‘lgan Mariano hisobni tenglashtirdi, Serxio Ramos esa qo‘shimcha daqiqalarda o‘z uslubida «Deportivo»ni tiz cho‘ktirdi. O‘yin qahramoni bu safar ham Ramos bo‘ldi va «Real»ning«Barselona»dan 6 ochko oldinda borishini ta'minladi.

Ispaniyada yana nimalar bo‘ldi?
«Real Sosedad» «Valensiya»ni 3:2 hisobida yengdi. Bu o‘yinda e'tiborga sazovor voqelardan biri mehmonlar darvozaboni Diyego Alves penalti zarbasini bartaraf etishi bo‘ldi. Bu uning 20-marta penaltini qaytarishidir. Bu g‘alabadan so‘ng«Sosedad» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi, Prandelli va «Valensiya» esa xavfli hududga yaqinlashmoqda.

«Real Madrid» va Zidan rekordni yangiladi, «blankos»larni 35 o‘yindan buyon hech kim yengmagan.

Angliya
Amaldagi chempion APLning eng kuchli murabbiyini tarsakiladi

«Lester» ertagi qaytdi – qatorasiga 5 o‘yindan buyon APLda g‘alaba qozona olmayotgan Raneri jamoasi kuchli raqibni tor-mor etdi. Yomg‘ir ostida kechgan uchrashuv boshidayoq Vardi Stounz va Kolarovdan qochib ketib, hisobni ochdi. 2 daqiqa o‘tib Endi Grey jarima maydoni tashqarisidan to‘pni darvozaga kiritdi - 2:0. Ko‘p o‘tmay Mahrez ham Stounzni qoldirib ketib, Vardini qulay vaziyatga chiqardi va APLning joriy mavsumida gol urmay kelayotgan o‘tgan mavsumgi to‘purar Bravoni emaklatib gol urdi, 20-daqiqadayoq hisob 3:0 ko‘rinishiga keldi. O‘yin mezbonlarning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Mavsumda shu vaqtgacha gol urmagan Vardi birato‘la xet-trik amalga oshirdi.

«Arsenal» «Stok» bilan o‘yinda irodali g‘alabaga erishdi

«Kanonirlar» o‘yin boshidayoq penaltidan gol o‘tkazib yubordi, Chaka Allenga qo‘pollik ishlatgach, belgilangan penaltini Charli Adam aniq amalga oshirdi. O‘yinning qolgan qismi esa londonliklar raqib jarima maydoni atrofida qamal uyushtirishi bilan kechdi. Aleksis Sanches Londonda kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. U qanotda ochilgan Belerinni to‘p bilan ta'minladi, ispaniyalik vinger esa Uolkottni golli vaziyatga chiqardi - 1:1.

Tanaffusdan keyin «Arsenal» yanada ko‘proq bosim uyushtirdi va «kulollar» jarima maydoniga qamaldi. Mesut O‘zil 2014 yilgi JChdagi Robin van Persi kabi sakrab, to‘pni darvoza to‘riga joyladi - 2:1.

«Stok Siti» yomg‘irli Londonda yana bir gol o‘tkazdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Aleks Ivobi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Endilikda «kanonirlar» turnir jadvalida vaqtinchalikka birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. «Chelsi» bu turdagi uchrashuvini bugun o‘tkazadi.

Germaniya
«Bavariya» «Volfsburg»ni majaqlab tashladi

Karlo Anchelotti Myunxenda hali o‘z o‘yin uslubini aniqlab olmagan, ammo jamoa o‘z saviyasi evaziga «Volfsburg»ni osonlik bilan taslim qildi.

Myunxenliklarning yetakchilari Lam, Riberi va Robben «Alyants-Arena»da raqibni ojiz qoldirdi. Levandovski ham 2ta gol urdi, bu uning klub faoliyatidagi 199 va 200-gollari bo‘ldi. «Volfsburg»ga hatto Tomas Myuller ham gol urdi – u Bundesliganing oxirgi 11 uchrashuvida (999 daqiqa) jim kelayotgandi.

«Bo‘rilar» qatorasiga to‘rtinchi uchrashuvdirki, g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda va endi jamoa turnir jadvalida 15-o‘ringa tushgan. 

Roys «Dortmund»ni mag‘lubiyatdan qutqardi

«Borussiya» Kyolnga g‘alaba uchun kelgandi, ammo darhol muammolarga duch keldi. Avvaliga asosiy himoyachi Lukash Pishchek jarohat oldi, bir daqiqa o‘tib Artyom Rudnev dortmundliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Birinchi bo‘limni «Dortmund» to‘pga egalik qilishdagi 75 foizlik ustunlik bilan yakunladi, ammo «echkilar» mudofaasini yorib o‘tishning imkoni bo‘lmadi.

Tuxel o‘yin oxirida hujumchi Ramosni  himoyachi Sokratis o‘rniga tashladi va bu o‘z foydasini ko‘rsatdi. Roys 90-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Marko «Dortmund»ni qutqardi, ammo jamoa hozirda «Gerta», «Ayntraxt» va «Hoffenxaym» kabi jamoalardan ortda qolmoqda.

Germaniyada yana nimalar bo‘ldi:
«RB Leyptsig» Bundesliga autsayderiga qarshi o‘yinda yengildi. Bu jamoaning mavsumdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi va bu mag‘lubiyat turnir jadvalidagi yetakchilik «Bavariya»ga boy berilishiga olib keldi.
«Gerta» kutilmaganda Bremenning «Verder» jamoasiga yutqazdi, ammo bu jamoa turnir jadvalida uchinchi o‘rinda qoldi.

Italiyada nimalar bo‘ldi:
Shanba kuniga belgilangan yagona o‘yinda «Latsio» «Sampdoriya»ni yengdi – 1:2. Rimliklar klubi A Seriyada to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Fransiyada nimalar bo‘ldi:

«Monako»ning g‘alabali yurishi davom etmoqda. Bu safargi qurbon «Bordo» jamoasi darvozasiga 4ta javobsiz gol yo‘llandi. Jardim tomonidan qayta kashf etilgan Falkao – «Yo‘lbars» 2012 yildan buyon ilk marta xet-trik amalga oshirdi va to‘purarlar ro‘yxatida 11 gol bilan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Mavzuga oid