Sport | 16:30 / 17.11.2017
20885
12 daqiqa o‘qiladi

Derbilar haftasi. Yevropada haftaning eng muhim o‘yinlari anonsi

Klublar futboli ishqibozlari yengil tin olsalar bo‘ladi, endi to mart oyigacha terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus bo‘lmaydi. Milliy chempionatlar o‘zining qizg‘in nuqtasiga kirib bormoqda va shu bir yarim oy mobaynida ligalarda chempionlik yoki yuqori o‘rinlar uchun kurashuvchi jamoalarga oydinlik kiritiladi.

Bu haftaning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, kuchli beshlik o‘zining poytaxt derbilarini taqdim etmoqda. Rimda, Londonda va Madridda shaharning ikki kuchli jamoalari orani ochiq qiladi. Albatta, boshqa qiziqarli o‘yinlar ham yetarli. «Tribuna.uz» an'anaviy tarzda turning eng qiziqarli o‘yinlarini anons qiladi. 

ARSeNAL – TOTTeNHEM (18 noyabr, 17:30)

Derbilar haftasini London ochib beradi. Angliyaning eng ashaddiy raqiblaridan biri bo‘lgan bu ikki jamoa orani ochiq qilishlari kutilmoqda.

«Tottenhem»dagi progressga qoyil qolish kerak. O‘tgan yili APL tarixida ilk marotaba qo‘shnilaridan turnir jadvalida yuqori o‘rinni egallagan Pochettino jamoasi kutilayotgan ushbu derbida favorit sifatida qayd etilmoqda. Jamoa yetakchi futbolchilari Harri Keyn va Dele Alli, shuningdek, markaziy yarim himoyachi Harri Uinks «jarohatlar» tufayli terma jamoa o‘yinlarida ishtirok etmadi. Qizig‘i, yig‘inlar tugashi hamono, ular umumiy mashg‘ulotlarda qatnashganliklari va derbiga tayyor ekanliklari haqida xabarlar tarqaldi. Balki Mourinoning shubhalarida asos bordir?

Jamoalarni 4 ochko farq ajratib turibdi, shu bilan birga, Venger ham, Pochettino ham o‘zlarining so‘nggi top o‘yinlarini boy berganliklarini e'tirof etish joiz. Manchester klublari ularni xafa qilishgandi. Shu o‘rinda «Arsenal»ning hali o‘z maydonida ochko yo‘qotmaganini ham ta'kidlash joiz.

 

BAYYeR – RB LeYPTsIG (18 noyabr, 19:30)

«Borussiya»ning omadsiz oktabridan foydalangan «Leyptsig» ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ayni shu vaqtda «Bayyer»ning ularga juda mos raqib bo‘la olishlarini so‘nggi uchrashuvlardan sezish mumkin.

«Bayyer» Bundesligadagi dastlabki 4 o‘yinda g‘alaba qozona olmagandi. Ammo keyinchalik vaziyat o‘nglandi, jamoa keyingi 7 o‘yinda umuman mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Jamoa hali ham turnir ijadvali o‘rtalarida borayotgan bo‘lsa-da, mana shu ijobiy seriya tufayli, peshqadamlarga yaqinlashib oldi. Jumladan, agar bu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Bayyer» raqibidan atigi 3 ochkolik masofada qoladi xolos.

Darvoqe, o‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham «Leyptsig» g‘alaba qozongan. Ayniqsa, Liverkuzendagi o‘yin esingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda mehmonlar jamoasi hisobda ortda borayotib, 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Qizig‘i, o‘sha o‘yin roppa-rosa bir yil oldin, 19 noyabrda bo‘lib o‘tgan ekan. 

 

LeSTeR – MANCheSTeR SITI (18 noyabr, 20:00)

O‘tgan mavsumni qatorasiga g‘alabalar bilan boshlagan Pep Gvardiola avvaliga «Tottenhem», keyin «Chelsi»dan mag‘lubiyatga uchradi. Ammo bu yo‘inlar o‘ziga yarasha katta o‘yinlar edi, har ikki jamoa ham g‘alaba qozonishi mumkin. Buning ustiga, o‘sha o‘yinlarda ham «Manchester Siti» katta tashabbus bilan o‘ynagandi.

Gvardiolaning ingliz futbolidagi muammolari haqida aynan «Lester»ga qarshi o‘yindan keyin gapirila boshlangan va aynan o‘sha o‘yindan keyin birinchi marta Pep vaziyatni muammo sifatida tan olishga majbur bo‘lgandi. Tezkor qarshi hujumlar va uzun paslarga asoslangan «Lester» bir bo‘limmning o‘zida manchesterliklar darvozasiga javobsiz 4 gol urishga erishgandi.

Hali ham Gvardiola «Siti» boshqaruvida, hali ham o‘z uslubidan voz kechgani yo‘q, va hatto yanada kuchliroq, yanada barqarorroq ko‘rinmoqda. «Lester» esa o‘tgan vaqt mobaynida uchinchi bosh murabbiy boshqaruvida shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, aytarli darajada o‘zgargani yo‘q, jamoaning asosiy qurollari va kuchi o‘zgarmagan. Ikki qarama-qarshi uslubning navbatdagi to‘qnashuvini o‘tkazib yuborishni maslahat bermaymiz.

 

PSJ – NANT (18 noyabr, 21:00)

Bu o‘yinga «Nant» tomondan turib qaraganda, juda qiziq ko‘rinadi. Klaudio Raneri u yerda yangi «Lester»ni qurmoqda deb bemalol aytish mumkin. Nantliklar 12 o‘yinda atigi 9 gol o‘tkazib yuborib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat «PSJ»dan ortda qolyapti xolos. Shuningdek, «Nant»ning Fransiya chempionatidagi so‘nggi 10 o‘yinda atigi bir marta mag‘lubiyatga uchraganini ta'kidlash joiz.

Bu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 10 uchrashuvda «PSJ” g‘alaba qozongan. Bu an'ana balki bu safar ham davom etishi mumkin. Lekin odatiy yirik hisobni kutishni maslahat bermasdik, zero, yuqorida aytilganidek, Raneri shogirdlari ligada eng yaxshi himoyalanuvchi jamoa hisoblanadi.

 

ROMA – LATsIO (18 noyabr, 22:00)

Jahon chempionatiga chiqa olmagan italiyaliklarning bizdan farqi nimada, aytaymi? Mana shu «mudhish» hafta oxirida ularni Rim derbisi kutib turibdi. Milliy chempionatdagi ayovsiz kurashlar ularga terma jamoa dardini unuttira oladi, ular qaytadan katta futbol og‘ushiga singishadi.

Ayniqsa, bu safargi derbi oldingilaridan yanada farq qilsa kerak, chunki, o‘yin turnir nuqtai nazaridan ham juda muhim. Har ikki Rim klubi chempionlik uchun kurashmoqda va peshqadamlarni ta'qib etmoqda. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat esa, qaysidir jamoa «Napoli» yoki «Yuventus»dan yetarlicha orqada qolib ketishiga sabab bo‘ladi.

So‘nggi 18 Rim derbisining qariyb yarmida «Roma»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, «Olimpiko»dagi so‘nggi o‘yinni «Latsio» 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlagandi. 

 

MANCheSTeR YuNAYTeD – NYuKASL (18 noyabr, 22:30)

Shirer – Kin o‘rtasidagi janjal deysizmi, Moyyesning mazaxlar ostida qolishi, o‘sha buyuk trebl davridagi kambek – umuman bu jamoalar to‘qnashuvi Premer Liganing klassikasi hisoblanadi. Endi Koul, Maykl Ouen va boshqalar – Manchester – Nyukasl yoki teskari yo‘nalishda transfer bo‘lgan futbolchilar soni ham juda ko‘p.

Bunga endi Mourino va Benites o‘rtasidagi azaliy kurashni, Zlatan Ibrahimovich, Pol Pogba kabi yetakchilarning nihoyat safga qaytishlari mumkinligini qo‘shing, yaxshigina intriga hosil bo‘ladi.

«Nyukasl» so‘nggi yillarda «Old Trafford»da yomon o‘ynamayapti. Fergyuson ketganidan keyin, bu stadiondagi 3 o‘yinning atigi 1tasida mezbonlar g‘alaba qozongan, xolos. O‘z navbatida, «Old Trafford»ning ham ushbu mavsumda boshqacharoq ekanini aytish lozim – «MYu» o‘z maydonidagi liga o‘yinlarida birorta ham gol o‘tkazmagan kuchli beshlikdagi yagona klubdir. Umuman De Xea bu stadionda oxirgi marta aprel oyida gol o‘tkazib yuborgan ekan. 

 

ATLeTIKO – ReAL MADRID (18 noyabrdan 19 noyabrga o‘tar kechasi: 00:45)

Agar gap yevrokuboklar haqida borganida, bemalol «Real»ni g‘olib deb e'lon qilish mumkin bo‘lardi, zero Chempionlar Ligasida bu klublar so‘nggi 4 yilda pley-offda to‘qnash kelishgan va to‘rt to‘qnashuv ham Qirollik klubining g‘alabasi bilan yakunlangan.

Ammo La Liga boshqa musobaqa va anchadan buyon bu yerda «Atletiko» «Real»dan kam emas. Ispaniya miqyosdagi turnirlardagi so‘nggi 15 Madrid derbisini oling, atigi 2 o‘yinda «Real» g‘alaba qozona olgan xolos. Hozirda har ikki jamoa 23 ochkodan to‘plab, peshqadamdan 8 ochko ortda qolishmoqda, demak mag‘lubiyatga uchragan klub chempionlik haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi.

Shu o‘rinda «Atletiko»ning hujum chizig‘ida muammolarga duch kelayotganini ta'kidlash joiz. Jamoa so‘nggi 9 o‘yinda 1tadan ortiq gol ura olmadi. Chempionlar Ligasida keyingi bosqichga chiqish imkoniyati ham juda pasayib ketdi.

Bunday mavsumni qutqarib qolishning yagona usuli – «Real»ning jig‘iga tegish.  

 

NAPOLI - MILAN (18 noyabrdan 19 noyabrga o‘tar kechasi: 00:45)

Aynan top uchrashuvlarda «Milan»ning asl darajasi bilinib qolayotgan bo‘lsa-da, bu o‘yinni ushbu ruyxatdan tushirib qoldirishga haqqimiz yo‘q edi. Rostan ham, yozda bir qancha transferlar amalga oshirgan «Milan» so‘nggi turlarda «Inter», «Roma» va «Yuventus»ga qarshi maydonga tushdi va har uch o‘yinda ham imkoniyatni boy berdi. Avvalroq, «Latsio»ga ham yirik hisobda mag‘lubiyat qayd etilganini eslasak, bu o‘yin «Milan» uchun so‘nggi imtihondir. Agar bu o‘yinda ham yutqazilsa, keyin «Milan» har qancha g‘alabali seriyalar amalga oshirmasin, kamida mana shu mavsumda jiddiy e'tiborga olinmaydi.

«Napoli» o‘tgan turda «Kevo»ga qarshi durang qayd etdi, Sarri shogirdlari o‘yinida qandaydir horg‘inlik alomatlari ko‘zga tashlangani bor gap. Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus jamoaga qo‘l kelgan bo‘lishi va yangi pallani yana ko‘tarinki ro‘hda boshlashga imkoniyat borligidan jamoa muxlislari umid qilib turibdilar. Zero Chempionlar Ligasida keyingi bosqichga chiqish imkoniyati judayam pasayib ketgach, Sarri endi asosiy e'tiborni Skudettoga qaratsa kerak.

Boshqa TOP klublar

18 noyabr. «BAVARIYa» – «AUSBURG» (19:30) «LIVeRPUL» – «Sauthempton» (20:00), «Vest Bromvich» – «CheLSI» (20:00), «BARSeLONA» – «Leganes» (20:15)

19 noyabr. «Sampdoriya» – «YuVeNTUS» (19:00)

20 noyabr. «INTeR«» – «Atalanta» (00:45)

Muhammadjon Ganiyev
Tayyorlagan Muhammadjon Ganiyev
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid