Sport | 15:39 / 14.12.2016
30911
11 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi manzil - somonxona! Kuchli beshlikka yurishi amalga oshmay qolgan o‘zbekistonlik futbolchilar

O‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston terma jamoasi va Rossiyaning «Krasnodar» klubi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Xitoy chempionatiga o‘tishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. 13 dekabr kuni krasnodarliklar matbuot xizmati futbolchining Xitoyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun jo‘nab ketganini tasdiqladi. Bu Ahmedovning Xitoy chempionatiga o‘tishi deyarli aniq bo‘lganini anglatadi.

O‘z vaqtida Londonning «Arsenal» klubi Ahmedovga qiziqish bildirgani haqida xabarlar chiqqandi. Ko‘pchilik muxlislar kuchli beshlikda O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi ham paydo bo‘lishini kuta boshlashdi. Biroq inglizlarning qiziqishi faqat shu bilan cheklanib qolgani ma'lum bo‘ldi. So‘nggi yillarda kuchliroq chempionatga munosib deb qaraladigan o‘zbekistonlik kam sonli futbolchilardan biri Odil Ahmedov ham boshqa futbolchilarimizdan ortiq natijani qayd eta olmadi. Endi futbolchimiz faoliyatining qolgan qismini Xitoyda davom ettirishi aniq bo‘lib turibdi. «Shandun Luneng» futbolchi uchun «Krasnodar»ga 7-8 million yevro taklif qilmoqda. Ko‘p ehtimolki, Ahmedovga  katta maosh va'da qilishgan. Demak, muxlislar kutgan Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p suruvchi o‘zbekistonlik futbolchi kim bo‘lishi masalasi yana ortga suriladigan bo‘ldi.

Tribuna.Uz o‘z vaqtida Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan, lekin bu ish amalga oshmay qolgan futbolchilarni yodga olib o‘tadi.

Maksim Shatskix

Ukraina chempionatining eng yaxshi to‘purarlaridan biri, «Dinamo» Kiyev safida Shevchenko-Rebrov tandemidan ularga munosib o‘rinbosar bo‘la olgan Maksim Shatskix kuchli beshlik jamoalari safida to‘p surishga eng yaqin kelgan futbolchi sanaladi. Chempionlar ligasida muntazam qatnashadigan kiyevliklar jamoasi tarkibida futbolchi juda muhim gollarni kiritardi. «Nyukasl», «Real» kabi jamoalar darvozasini ishg‘ol qilgan hujumchiga juda ko‘p jamoalar og‘iz solishadi. Birgina Angliyaning o‘zidan «Nyukasl», «Vest Hem» va «Vest Bromvich» klublari Maks bilan qiziqib ko‘rishadi. Ayniqsa, bu borada «Nyukasl»ning qiziqishlari eng jiddiyi bo‘lgan.

Ingliz klubi taklifini futbolchi shunday xotirlagandi: «Nyukasl»ning qiziqishi jiddiy bo‘lgan. Muzokaralar klub rahbarlari darajasigacha chiqqandi. Menga ma'lum bo‘lgani shuki, «Dinamo» meni qo‘yib yuborishni istamagan. Shu bilan bu transfer amalga oshmay qolgandi». 

Shundan so‘ng Shatskixga Turkiyaning «Galatasaroy» jamoasidan ham taklif bo‘ldi. Rossiyaning «Krylya Sovetov»i esa unga o‘sha vaqtda jamoa uchun rekord bo‘lgan 5,5 mln yevro taklif qilgandi. Biroq bu transfer ham amalga oshmagan.

Maksim 9 yil davomida «Dinamo» Kiyev sharafini himoya qildi. Bu davr ichida u kiyevliklarning haqiqiy yoqimtoyiga aylandi. U «Dinamo»ni tark etayotganida muxlislar Shatskix sharafiga «Istrebitel MAX 16. 328 boyevyx vyletov, 142 sbityx» yozuvi tushirilgan bannerni ko‘tarib chiqishdi. Maks kiyevliklar safida 328ta uchrashuv o‘tkazib 142ta golga mualliflik qildi.

2009-2010 yillarda Maks Qozog‘istonning «Lokomotiv» Astana jamoasi safida to‘p surdi. 15 uchrashuvda 8ta golga mualliflik qilgan futbolchi 2010 yildan 2014 yilga qadar Kiyevning «Arsenal» jamoasi safida to‘p surdi. Orada yarim yil «Chernomorets»da ijarada bo‘lib qaytdi. «Arsenal» tarkibida Shatskix 96 uchrashuvda 22ta gol kiritdi. Faoliyatidagi so‘nggi professional jamoa esa «Goverla» bo‘ldi. O‘tgan yilning «Rux» havaskorlar jamoasida o‘tkazgan futbolchi 2016 yilga kelib «butsalarini mixga ilgani»ni bildirdi.

Vitaliy Denisov

TsSKA tarkibida birorta uchrashuvda maydonga tushmagan bo‘lsada, Denisov UYeFA kubogida g‘olib chiqqan yagona (hozirgi Yevropa ligasi) o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lib turibdi. O‘z vaqtida Yevropaning bir qator jamoalari qiziqishiga sabab bo‘lgan futbolchining eng yorqin xotiralari «Arsenal»dagi ko‘rigi bilan bog‘liq. 

Futbolchi hali yosh paytlarida  «Arsenal» skautlariga o‘yin ma'qul kelib qoladi va uni Londonga taklif etishadi. «Arsenal»da futbolchi jamoaning asosiy tarkibi bilan mashg‘ulotlarda qatnashadi. «Arsenal»ga borganimizda barcha yulduzlar bilan birga shug‘ullanganmiz. Terri Anri, Denis Bergkamp, Freddi Yungberg... Ko‘rik davomida bizni testdan o‘tkazishayotganda Yungberg zalga kirib, nazoratchilarga qarata «ular futbolchilar, tajriba quyonchalari emas» degandi. Barchasi yaxshi ketayotgandi. Biroq Angliyadagi ishchi vizasi va shunga o‘xshash mayda sabablar tufayli amalga oshishi deyarli aniq bo‘lib qolgan transfer bekor bo‘lgandi», deya xotirlaydi futbolchining o‘zi.

Keyinchalik Denisov Nijniy Novgorodning «Spartak» jamoasida to‘p surdi. Hali-hanuz oylikdan 24 ming dollar qarzi qolgan klubdan keyin uni Ukrainaga «Dnepr»ga sotib yuborishdi. Ukrainada o‘ta muvaffaqiyatli 6 yillik faoliyatidan so‘ng yana Moskvaga qaytdi. Bu safar futbolchi «Lokomotiv» safida to‘p surdi.

Aynan mana shu klubda unga yana Yevropadan takliflar chiqdi. Ulardan biri Rimning «Latsio» klubidan shu yilning yozida bo‘lgan taklif edi. Biroq «temiryo‘lchilar» Denisovni qo‘yib yuborishni istamadi. Futbolchining o‘zi ham «Latsio»dan ko‘ra, Manchesterning ikki jamoasi yoki «Arsenal» kabi jiddiyroq maqsadlarni ko‘zlagan jamoalardan taklif bo‘lsagina jamoasini o‘zgartirishi mumkinligini aytdi. Natijada, yana bir o‘zbekistonlik futbolchining kuchli beshlikka safari yarim yo‘lda to‘xtab qoldi.

Aleksandr Geynrix

17 yoshidayoq «Paxtakor» asosiy tarkibidan o‘rin olgan Sasha tez orada yevropalik skautlarni ham e'tiborini tortdi. O‘sha vaqtlarda Germaniya bundesligasida yevrokuboklarga beriladigan yo‘llanmalar uchun kurash olib boradigan «Boxum» Geynrix bilan jiddiy qiziqib qoladi va uni ko‘rikdan o‘tishga taklif etadi. «Germaniyada uch kun davomida asosiy tarkib bilan shug‘ullandim. Ko‘rinishidan hammasi joyida ketayotgandek edi. Lekin keyinroq «Paxtakor» rahbariyati meni chaqirib oldi. Shu bilan bu voqea xotima topdi. Albatta bundan afsuslandim», degandi Geynrix intervyularining birida.

Keyinchalik Sasha o‘sha paytda oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ya boshlagan, Gazzayev boshchiligidagi TsSKA jamoasi tomonidan sotib olindi. Ivitsa Olich, Vagner Lav, Daniel Karvalyu kabi futbolchilar bilan raqobatda unga asosiy tarkibdan o‘rin olish nasib etmadi. Moskvaliklar tarkibida 2ta o‘yinda 1ta gol urgan futbolchi «Paxtakor»ga qaytdi. Keyinroq Moskvaning boshqa bir jamoasi «Torpedo» safida paydo bo‘ldi. Lekin Geynrix o‘zidan kutilgan o‘yinlarini ko‘rsata olmadi. «Paxtakor»da o‘tkazilgan yana 4 yillik faoliyatidan keyin uning Osiyodagi yurishi boshlandi. Avvaliga «Suvon Blyuingiz», keyinchalik BAAning «Emireyts» klublarida yarim mavsumdan to‘p surgan futbolchi 2012 yilda Qozog‘istonning «Aqto‘be» jamoasi safida paydo bo‘ldi. «Lokomotiv» Toshkentdagi faoliyatidan so‘ng o‘tgan yildan boshlab futbolchi hozirda Qozog‘istonning boshqa bir jamoasi «O‘rdabasi»da faoliyatini davom ettirmoqda.

Marat Bikmayev

Yana bir yoshligidayoq omma ichida nom chiqargan futbolchi Marat Bikmayev ham o‘z vaqtida kuchli beshlikda paydo bo‘lishi mumkin edi. O‘sha paytlarda turli yoshdagi terma jamoalar safidagi o‘yini bilan Yevropa jamoalari e'tiboriga tushgan Marat Bikmayev «Inter» klubidan taklif olgandi. «Inter»da Kristian Veri Ivan Kordoba kabi o‘sha davrlarning eng zo‘r futbolchilari bilan birga shug‘ullangandim. Ular jamoaning haqiqiy liderlari edi. Bir necha kunlik ko‘rikdan keyin «Inter» murabbiyi menga Italiya fuqaroligini olishim kerakligini, shundagina milanliklar safida o‘ynay olishim mumkinligini aytdi. Bunga rozi bo‘lmadim. Keyin esa ular menga ehtiyojlari yo‘qligini aytishdi va ortga qaytdim», yodga olgandi Bikmayev.

Shundan so‘ng, Bikmayev «Krylya Sovetov» cafiga borib qo‘shildi. Samaraliklar safida 5ta o‘yinda maydonga tushgan Marat bir mavsum davomida «Rubin» zaxirasida o‘tirdi. «Spartak Nalchik» safiga o‘tgachgina Bikmayev asosiy tarkibda muntazam maydonga tusha boshladi. Rossiyadagi uning eng muvaffaqiyatli davri esa Vladikavkazda o‘tdi. «Alaniya» tarkibida ikki yil o‘ynagan futbolchi 56 uchrashuvda 13ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. «Aqto‘be»da o‘tkazgan omadsiz mavsumdan so‘ng futbolchi O‘zbekistonga qaytdi. U 2014 yildan buyon «Lokomotiv» tarkibida to‘p surib kelmoqda.

Kuchli beshlik jamoalarida ko‘rikdan o‘tib kelgan boshqa nomlar ham bor. Abbos Maxstaliyev, Dostonbek Hamdamov, Eldor Shomurodov kabi bir qator nomlarni sanash mumkin. Biroq ular ham faqatgina ko‘rik bilan cheklanib qolishdi. 

Kuchli beshlikda ishtirok etuvchi jamoaning a'zosi sifatida esa birgina Ilyos Zeytullayev nomi qoldi. «Yuventus»da asosiy tarkibga kira olmagan, Ilyos keyinroq «Rejjina» klubiga o‘tgan va jamoa safida kubok o‘yinlarida maydonga tushgandi. Uning biz qayd etib o‘tishimiz mumkin bo‘lgan yagona natijasi shu bo‘ldi. Boshqa birorta futbolchi hozircha mana shu natijani ham takrorlay olgani yo‘q.

Mavzuga oid